iPhone uchun aprel oyidagi eng yaxshi ilovalar

  •   DiMaX
  •  1326
  •  02.05.2017 15:56

iPhone uchun aprel oyidagi eng yaxshi ilovalar

O‘tgan oy davomida ko‘pchilik iPhone foydalanuvchilariga ma’qul kelgan ilovalar to‘plami bilan tanishtiramiz.

Clips

Apple qisqa metrajli videolavhalar yaratuvchi ilovasi bilan ko‘pchilikni quvontirdi. Clips – iPhone va iPad uchun ishlab chiqilgan yangi dastur bo‘lib, uning yordamida kvadrat shaklidagi qisqa videolavha suratga olish, unga effektlar, subtitrlar qo‘shish va ijtimoiy tarmoqlarga yuklash mumkin. Apple bu ilova yordamida foydalanuvchilarning ijtimoiy hayotiga kirib borishni, uning tarmoqlardagi publikatsiyalari uchun uzatish nuqtasi bo‘lishni istamoqda.

Bu haqda batafsil ma’lumot olish uchun tegishli maqolamizni o‘qishingizni tavsiya etamiz. Dasturni esa mana bu havola orqali yuklab olish mumkin.

Microsoft To-Do

Microsoft turli topshiriqlarni rejalashtirib boruvchi To-Do menejer-ilovasini taqdim etadi. U minimalistik uslubda ishlangan bo‘lib, ishchi loyihalarga ham, shaxsiy kundalik turmushda ham qo‘llash mumkin. To-Do’ning afzalligi – intellektual yordamchisi bo‘lib, kalendarni tahlil qilish asosida muhim vazifalaringizni bajarishni tavsiya etib boradi.

Ilovani ushbu havola yordamida o‘rnatib olish mumkin.

GIPHY Says

Gif-fayllarni tomosha qilayotib, «Shularning ovoz yo‘qligi chatoq-da…» degan fikr xayolingizdan o‘tganmi? GIPHY Says mana shu chatoqlikni bartaraf etadi. Aniqrog‘i – uning ovozi paydo bo‘lmaydi-yu, ilova animatsiya ustiga siz gapirayotgan so‘zlarni avtomatik tarzda subtitrlarga aylantirib qo‘shadi. GIPHY Says rus tilini ham yaxshi «tushunadi». Yozayotganda qanday gapirgan bo‘lsangiz, natijada hosil bo‘lgan gif-faylda xuddi shu matn aks etadi. Mazkur ilova mana bu havola orqali yuklanadi.

Astro

Yangi pochta kliyenti – Astro sizning pochtangizni tezkorlik bilan va osongina tartibga keltirishga yordam beradi. Ilova xabarlarni muhimlik darajasiga ko‘ra saralay oladi, tarqatmalardan bitta chertish bilan voz kecha biladi. Shuningdek, kiruvchi maktublarni keyinroqqa qoldirish va yuboriladigan xatlarni keyinroq jo‘natishga rejalashtirish funksiyalari ham bor. Biroq Astro’ning asosiy afzalligi – ishlarni unumli bajarishga yordamlashib va foydali maslahatlar berib boradigan intellektual yordamchidir.

Astro’ni smartfoningizga o‘rnatish uchun ushbu havola orqali o‘tasiz.

Swipeable

Yaqinda Instagram’ga keng formatli suratlarni yuklash imkoni paydo bo‘ldi, lekin panoramalarga bu taalluqli emas. Swipeable ilovasi esa shuni amalga oshirish imkonini beradi. U panorama-suratni bir nechta qismlarga ajratib va ularni galereya tarzida yoyib beradi. Ularni Instagram’ga yuklagach, to‘liq ko‘rish uchun bir nechta svayp qilish yetarli bo‘ladi.

Swipeable mana bu joydan yuklab olinadi.

HPSTR

Smartfoningiz uchun yangi oboylar izlab qiynalyapsizmi? HPSTR sizga yordamga keladi! Ilova nafaqat chiroyli oboylarni topib beradi, balki sizning barcha (hatto Mac va Android tizimli) qurilmalaringizda ularni sinxronlab almashtiradi ham.

HPSTR’ni iPhone’ingizga o‘rnatish uchun mana bu havolani bosing.

Poetayzer

Mazkur ilovaning o‘ziga xosligi – har bir suratning ruhidan kelib chiqib, unga atab she’riy misralarni tanlab joylab beradi. She’rlar rus tilida bo‘lib, taniqli shoirlarning ijodidan olingan. Bu bilan fotosuratning o‘ziga xosligi oshiriladi, unga shoirona ruh bag‘ishlanadi.

Poetayzer haqidagi xabarimizni mana bu yerda o‘qib, uning o‘zini esa ushbu havola orqali yuklab olishingiz mumkin.

2GIS

Bu – eng keng ommalashgan kartografik servislardan biri. Foydalanuvchilar uni to‘liq va batafsil ma’lumot berishi tufayli ham qadrlashadi. U piyoda yo‘nalishlarni chizib berishdan tashqari, yaqindan buyon hatto so‘qmoqlar, yo‘lkalar va trotuarlarni ham hisobga oladigan bo‘lgan.

2GIS ilovasini smartfoningizga mana bu havola orqali o‘rnatib olasiz.

Shuningdek, Android uchun aprel oyidagi eng yaxshi ilovalar to‘g‘risidagi maqolamizga ham nazar solishingiz mumkin.