iPhone uchun “yonayotgan” chexol yaratildi

iPhone uchun “yonayotgan” chexol yaratildi

Hi-tech.mail.ru saytining yozishicha, UNIQFIND kompaniyasi iPhone modellari uchun Samsung Galaxy Note 7’ning yongan orqa va old paneli aks ettirilgan himoya chexolini ishlab chiqdi.  Chexolda hatto kuyib ketgan Samsung logotipining bir qismini ham ko‘rish mumkin.

Chexolni old stiker bilan birgalikda 35 dollarga xarid qilish mumkin. Telefonning yonishi aks etgan stikerning o‘zi esa 25 dollarga sotuvga chiqariladi. iPhone uchun mazkur “yonayotgan” chexollar noyabr oyida savdo rastalariga yetkaziladi. Aksessuar Apple iPhone 5 va undan yangiroq modellarga mo‘ljallangan.

Eng qizig‘i, mazkur chexol taqdim etilgandan keyin, ba’zi xabarlarga ko‘ra avstraliyalik fuqaroning avtomobili iPhone 7 sabab yonib ketgan. Bu borada Phonearena nashri xabar tarqatgan.

Eslatib o‘tamiz, Samsung Electronics kompaniyasi 11 oktyabr kuni Galaxy Note 7 smartfonlarini ishlab chiqarishni to‘xtatishi borasida rasman ma’lum qilgan edi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!