iPhone va iPad’lardagi muammolar yechimi – ReiBoot dasturi

  •   DiMaX
  •  1734
  •  25.08.2017 12:08

iPhone va iPad’lardagi muammolar yechimi – ReiBoot dasturi

Apple odatda o‘z qurilmalarini o‘ta mustahkam va ishonchli tayyorlaydi, lekin, afsuski, ba’zida ular ham kerakli tarzda ishlamay qoladi. Ko‘pincha bu foydalanuvchilarning aybi tufayli yuz beradi, ammo ayrim hollarda iPhone va iPad’lar o‘z-o‘zidan ham boshog‘riq tug‘dirishi mumkin. Masalan, devays yoqish ekranida qotib yoki DFU (proshivkani yangilash) rejimidan chiqa olmay qoladi. Bu kabi holatlarda foydalanuvchida gadjetni servis markazlariga olib borish imkoni bo‘lmasa, uni ReiBoot ilovasi yordamida o‘zi tuzatishi ham mumkin, deb yozadi AppleInsider sayti.

iPhone’da muammo yuzaga kelganida tajribali foydalanuvchi qiladigan birinchi ish – uni o‘chirib-yoqishdir. Ko‘pincha bu foyda beradi. Lekin, agarda iPhone yoqilish ekranida qotib qolsa, iTunes’ga ulanishni talab etsa yoki o‘zini tushunarsiz tutsa, uning dasturiy ta’minotini iTunes orqali yangilash mumkin. Bu birmuncha oddiy, lekin hamisha ham ish beravermaydi. Ba’zan iTunes ham proshivkada xato bor, deb turib oladigan holatlar uchraydi.

ReiBoot ilovasi, ishlab chiquvchilarning va’da qilishlaricha, aynan shularni bartaraf etish uchun yaratilgan. Mazkur dastur iPhone, iPad va iPod touch singari iOS-qurilmalardagi juda ko‘p muammolarni hal etishini ta’kidlashayotir. Shunchaki uni kompyuteringizga o‘rnatib olib, ishga tushirishingiz va o‘z qurilmangizni ulashingiz kifoya. Qayta tiklash, DFU rejimida yoki yoqilish ekranida, shuningdek, bloklash ekranida qotib qolgan, iTunes ko‘ra olmaydigan qurilmalarning ish faoliyatini tiklashda ReiBoot yordamga keladi.

Shu tariqa, kompyuterda ReiBoot dasturini ishga tushirgach, muammoli iOS-qurilmani kompyuterga ulaysiz va dastur menyusidan kerakli bandni tanlasangiz bo‘ldi. Qolgan barcha ishlarni ReiBoot’ning o‘zi bajaradi, uning bu funksiyalari bepul taqdim etiladi.

Shuningdek, ReiBoot Pro versiyasida foydalanuvchilariga taqdim etiluvchi pulli funksiyalar ham bor. Mazkur versiya iTunes orqali proshivkalashdagi yanada ko‘proq muammolar va xatoliklarni bartaraf etish imkonini beradi. Shuningdek, pulli versiya iOS tizimining faoliyatini optimallashtirish va tozalash jihozlariga, ma’lumotlarni tiklash va zaxira nusxalash imkoniyatlariga ham ega.

ReiBoot dasturi iOS 6’dan to iOS 11’gacha bo‘lgan barcha amaldagi operatsion tizim versiyalari bilan ishlay oladi. Uni Mac uchun mana bu, Windows uchun esa mana bu havolalar orqali bepul yuklab olishingiz mumkin. ReiBoot Pro versiyasini bo‘lsa ushbu havola yordamida o‘tib xarid qilish imkoni mavjud.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!