iPhone va PS3 tizimini buzgan xakerga Tesla avtomobilini sotishmadi!

  •   DiMaX
  •  1164
  •  09.03.2017 18:01

iPhone va PS3 tizimini buzgan xakerga Tesla avtomobilini sotishmadi!

iPhone smartfonlarini hamda PlayStation 3 o‘yin tizimini buza olgan Ge0Hot nikli xakerni tor doiralarda juda yaxshi tanishadi. Asl ismi Jorj Xots bo‘lgan bu dasturchi keyingi yillarda «tuzalish» yo‘liga o‘tib, tinch ijodiy mehnat bilan shug‘ullanishga kirishgan. Masalan, o‘tgan yili u comma.ai startapiga asos solgan, uning doirasida esa har qanday mashinaga mos keluvchi universal avtopilot tizimini yaratishga harakat qilgan va ma’lum natijalarga erishgan ham.

Yangi yil arafasida bu dasturchi birmuncha muddat «g‘oyib bo‘lib» qolgandi, ammo shu kunlarda qiziq vaziyatda – mojarolar orasida ko‘zga tashlandi. Gap shundaki, u Tesla Motors kompaniyasining Model S elektrokaridan xarid qilmoqchi bo‘lib, oldindan buyurtma bergan va to‘lovni amalga oshirgan. Ma’lumki, bu kompaniya avtomobillarini faqat oldindan berilgan buyurtmalar asosida ishlab chiqaradi.

Xullasi kalom, mojaro shundaki, Tesla Motors yuristlari Xots bilan bog‘lanib, intellektual mulk bilan bog‘liq qonunlarni buzmaslikni maslahat berishgan. Bunaqa kutilmagan javobdan xakerning ko‘ngli og‘rigan va buyurtmasini bekor qilgan.

Electrek saytining xabar berishicha, Ge0Hot universal avtopilot tizimi ustidagi izlanishlarini yangi OpenPilot loyihasida davom ettirishga kirishgan. Bunda u o‘z ishlanmalarini Tesla mahsulotlariga moslashtirishni rejalashtirgan. Bu esa, tabiiyki, kompaniyaga ma’qul kelmagan.

Shunisi ham borki, Tesla o‘z mahsulotlarini Jorj Xotsga sotmagani bilan, o‘zi istasa, u boshqa birovdan – ikkinchi qo‘l sifatida sotib olishi yoki biror tanishi orqali uning nomiga xarid qilishi ham mumkin.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!