iPhone X'da navbatdagi ommaviy nosozlik kuzatilmoqda

iPhone X'da navbatdagi ommaviy nosozlik kuzatilmoqda

iPhone X foydalanuvchilari muammo va nosozliklarga duch kelishda davom etishmoqda. Bu gal foydalanuvchilardan biri smartfondagi suhbat dinamigida yuzaga kelgan ortiqcha shovqin hamda g‘uvvillashdan shikoyat qilgan.

Ayfon egasi Reddit tarmog‘ida bu nosozlikdan shikoyat qilgan va flagman musiqa tinglayotganda hamda karnayni yoqib qo‘yib suhbat qilgan chog‘ida g‘alati tovushlar chiqarayotganini ma’lum qilgan. Sharh hamda izohlarda yana bir iPhone X egasi u ham xuddi shunday muammoga duch kelayotganini aytgan.

«Ovozni balandlatib musiqa tinglayotganimda musiqa sifati shu zahoti pasayib, tushunarsiz vizzillashlar yuzaga keladi», – deyiladi izohlarda.

O‘qingiPhone X kamerasi professional fotoapparat bilan taqqoslandi. Xo‘sh, natija qanday?

Shu kunlarda iPhone X flagmanidagi nosozliklar bois uni do‘konga qaytarish istagida bo‘lganlar soni ortib bormoqda.

«Ha, menda ham old dinamik bilan xuddi shunday muammo kuzatilmoqda. Karnayda nimadir chirsillayotgandek bo‘ladi. Kecha yangi ayfonni qaytarish uchun do‘konga bordim. Uni boshqasiga almashtirgan bo‘lsam ham, bu muammodan qutula olmadim. Sotuvchining gaplariga qaraganda, bu muammo apparat ta’minoti bilan emas, dasturiy ta’minot bilan bog‘liq», – deyiladi boshqa bir izohda.

Aytish joizki, bu kabi muammo va nosozlik iPhone 8 smartfonida ham kuzatilgan va Apple tezda bu kamchilikni bartaraf qilgan. Demak, Apple'ning bayonotini kutamiz!

Ming dollar turadigan iPhone X egalari bugunga qadar ekranning yashil tusga kirishi, sovuqda foydalanganda sensor panelining o‘chib qolishi kabi nosozliklarga duch kelishmoqda.