Istalgan Android-smartfonda iPhone X’dagidek Face ID’ni faollashtiramiz!

  •   DiMaX
  •  5486
  •  19.09.2017 12:47

Istalgan Android-smartfonda iPhone X’dagidek Face ID’ni faollashtiramiz!

Apple «yubiley smartfoni»dagi ilg‘or jihatlardan biri – tizim o‘z egasining yuzini tanish orqali qurilmani blokdan chiqaradi. Biroq xuddi shunga o‘xshash funksiya Android tizimli smartfonlarda allaqachonlardan beri mavjud ekanidan xabaringiz bormidi?

Google dasturchilari hali Android 5.0 Lollipop talqinidanoq tizimga yuzni tanish texnologiyasini joriy etishgan edi, deb yozadi AndroidInsider nashri. Faqat mazkur rejimni foydalanuvchining o‘zi sozlashi lozim bo‘ladi. Quyida shuni ko‘rib chiqamiz.

Yuz qiyofasiga qarab shaxsni aniqlash (o‘z egasini tanish) rejimini faollashtirish uchun tizimning «Sozlamalar»iga – «Nastroyki» ilovasiga kiramiz. U yerdagi «Xavfsizlik» sozlamalari («Bezopasnost») bo‘limini ochib, Smart Lock – «Yuzni tanish» («Raspoznavaniye lits») qismiga o‘tamiz. E’tibor bering: Smart Lock bo‘limiga kirish uchun, smartfonni blokdan chiqarishda qo‘llanadigan shaxsiy parolingizni kiritish talab etiladi.

Keyin esa «Sozlash», ya’ni «Nastroit» bandini tanlab, ekrandagi ko‘rsatmalarga amal qilib boring. Imkoniyatga qarab, yaxshi yoritilgan joyda turganingiz yaxshi. Qiyofangizni smartfoningizga «tanishtirib» qo‘yish uchun, uni ko‘zlaringizning qoq ro‘parasida, to‘g‘ri tutish tavsiya etiladi. Agar yaxshi chiqamasa, tizimning o‘zi sizga yuzni skanerlash jarayonini qaytadan o‘tkazish kerakligini aytadi.

Qiyofani tanish texnologiyasining ishini yaxshilash uchun xuddi shu ishni turli sharoitlarda amalga oshirish kerak bo‘ladi. Masalan, ko‘zoynak bilan va ko‘zoynaksiz holda, xiraroq yorug‘lik muhitida va yorqin quyosh nurlari ostida. Shu tariqa, smartfoningiz skaneri qiyofani tanish aniqligi va tezligini oshira oladi.

Ta’kidlash kerakki, hozirgacha ishlab chiqarilgan birorta ham smartfon iPhone X kabi chuqurlik datchigiga ega emas. Shu bois ularning yuzni tanish imkoniyatlari Apple’ning «yubiley ayfoni» singari tezkorlik va aniqlikda emas. Qorong‘ida «ko‘rish» haqida-ku gapirmasa ham bo‘ladi.

Eslatma: har xil ishlab chiqaruvchilarning smartfonlari qiyofani eslab qolish va keyinchalik yuzni tanish jarayonlarini turlicha tarzda amalga oshirishi mumkin. Ayrimlarida blokdan chiqarish uchun yuzingiz tasvirini ekranda chiqqan oval ichiga to‘g‘irlashingiz kerak bo‘ladi, bir xillarida esa bu jarayon juda cho‘zilib ketadi. Biroq shularni o‘rganib olsangiz, keyin qo‘lingizdagi do‘stingiz bilan bu borada «til topishib» ketishingiz hech gapmas.

Darvoqe, istalgan Android-smartfon ekranini iPhone X’dagi kabi ko‘rinishga keltirish usulidan ham xabaringiz bormi?

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!