IUT professori Xalqaro Fanlar akademiyasining mukofoti bilan taqdirlandi

IUT professori Xalqaro Fanlar akademiyasining mukofoti bilan taqdirlandi

Toshkent shahridagi Inha universitetining fizika fani o‘qituvchisi Husniddin Olimov Xalqaro Fanlar akademiyasi (The World Academy of Science, TWAS)ning rivojlanayotgan mamlakatlardagi 45 yoshgacha bo‘lgan yosh olimlari uchun mukofotini qo‘lga kiritdi. Bu to‘g‘rida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Axborot xizmati xabar qilmoqda.

16 mamlakatdan yosh olimlar ishtirok etgan tanlovning “Fizika va matematika sohasidagi eng yaxshi ilmiy maqolalar” yo‘nalishiga tadqiqotchilar so‘nggi besh yil mobaynida fizika fani bo‘yicha xalqaro nufuzli jurnallarda chop etgan maqolalari bilan ishtirok etganlar. IUT professori 2016 yil uchun mazkur nufuzli mukofotni qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik yagona laureat bo‘ldi.

Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Sarvar Babaxodjayevning qayd etishicha, yaqinda universitet mahalliy professorlarni tayyorlash dasturini ishga tushirgan. Mazkur dastur doirasida yosh o‘qituvchilar hamda akademik yo‘nalish bo‘yicha xodimlar O‘zbekistondan tashqarida, jumladan, Janubiy Koreyadagi nufuzli universitetlarda ta’lim olish, ilmiy darajalarini oshirib qaytishlari mumkin. Bu esa muassasadagi ta’lim sifatini oshirish barobarida, O‘zbekistonda fan-ta’lim rivojiga ham o‘z hissasini qo‘shadi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!