IUT talabalari Koreyadagi Yozgi maktabda qatnashadilar

  •   DiMaX
  •  1278
  •  13.06.2017 15:54

IUT talabalari Koreyadagi Yozgi maktabda qatnashadilar

Axborot texnologiyasi sohasidagi nufuzli oliy o‘quv yurtlarimizdan biri – Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT)ning 10 nafar talabaci 2017 yilning 17 iyul – 4 avgust kunlari Koreya Respublikasidagi Inha universitetining Yozgi maktabida ishtirok etadi. Bu to‘g‘rida Universitet sayti ma’lumot bermoqda.

Ibrat Obidov, Nig‘matjon Anvarov, To‘lqinjon Isoqov, Malika Jo‘rayeva, Jamoliddinxo‘ja Odilxo‘jayev, Dostonxon Ozodxo‘jayev, Ilhom Rahimov, Abdul Jamol Salim, Iroda O‘lmasboyeva va Darxonbek Mamataliyevlar Koreya Respublikasidagi Inha universitetining Yozgi maktabida bepul qatnashish huquqini qo‘lga kiritdilar.

Qayd etamiz, Yozgi maktabning 10 nafaridan 9 nafari 2017 yilning fevral-aprel oylarida universitetda o‘tkazilgan ichki tanlovlarda g‘olib chiqishdi. Darxonbek Mamataliyev Toshkent shahridagi Inha universitetidagi faol ishtiroki hamda CodeCraft kursining rivojlanishiga qo‘shgan hissasi uchun Koreyadagi Yozgi maktabda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Yozgi maktabda talabalar «Koreys tili», «Siyosat va Sharqiy Osiyoning xalqaro munosabatlari», «Koreya va uning madaniyati», «Koreyada biznes va iqtisodiyot», «Kelajakning yangi texnologiyasi» va boshqa shu kabi kurslarda ishtirok etadilar.

Shuningdek, talabalar Koreya Respublikasining madaniy va turistik jihatdan diqqatga sazovor joylari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Toshkent shahridagi Inha universitetining talabasi Iroda O‘lmasboyeva qayd etdi: «Men Toshkent shahridagi Inha universitetining rahbariyatiga mana shunday Yozgi maktabda qatnashish imkoniyatini taqdim etgani uchun o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchi edim».

«Yozgi maktab menga Koreya Respublikasi va koreys xalqining madaniyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatini taqdim etadi. Umid qilamanki, Yozgi maktab menga koreys tili bo‘yicha o‘z bilimlarimni, IT sohasidagi ko‘nikmalarimni yaxshilab olish imkoniyatini beradi», – qo‘shimcha qildi Iroda.

Qayd etamiz, Yozgi maktabda dunyoning turli mamlakatlaridagi universitetlardan kelgan talabalar ishtirok etishadi. Bu esa o‘zbekistonlik talabalarga yangi do‘stlar orttirib, boshqa xalqlarning madaniyati va an’analarini o‘rganish imkoniyatini beradi.

Joriy yilda Toshkent shahridagi Inha universiteti talabalari Koreya Respublikasidagi Inha universitetining Yozgi maktabida uchinchi marotaba ishtirok etadilar.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.