Jahondagi ilk davlat Telegram'ni to‘liq blokladi

Jahondagi ilk davlat Telegram'ni to‘liq blokladi

Indoneziya hukumati mamlakatda Telegram messenjeri faoliyatini bloklab qo‘ydi. Mahalliy internet-provayderlarga messenjerga tegishli bo‘lgan 11 ta domenni taqiqlash bo‘yicha topshiriq berilgan.

«To‘g‘ri, Telegram mamlakatda blokirovka qilindi va biz ayni paytda bu qarorga izoh tayyorlamoqdamiz», — deydi Aloqa va axborot texnologiyalari vazirligi vakili.

Gap shundaki, aksariyat Telegram-kanallar mamlakat qonunchiligida taqiqlangan kontentni, jumladan terrorizmning radikal g‘oyalari va ekstremizmni targ‘ib qiladi. Ularning aksariyatida portlovchi moddalar tayyorlash sirlari ham o‘rgatiladi.

Modomiki, Pavel Durov bunday nomaqbul kontentga qarshi qanday kurashishiga oid rejalarini bayon qilmasa, Indoneziya bu messenjer faoliyatiga batamom nuqta qo‘yadi. Indoneziya hukumatining fikricha, Telegram mamlakat xavfsizligiga katta xavf tug‘diradi.

14 iyuldan boshlab indoneziyalik internet foydalanuvchilari messenjerga kira olmayotganliklaridan shikoyat qila boshlashgan.

Durovning Twitter tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qilishicha, Indoneziya hukumatining bu qarori kutilmagan voqea bo‘lgan. Indoneziya tomoni biror marotaba kompaniyaga Telegram faoliyati bo‘yicha shikoyat yoki so‘rov yuborilmagan.