Jahonning eng xaridorgir plansheti ma’lum bo‘ldi

Jahonning eng xaridorgir plansheti ma’lum bo‘ldi

Planshet ishlab chiqarishda ham Apple va Samsung kompaniyalari jahonda tengsiz va jiddiy raqiblar. Biroq, smartfon sanoatida yetakchi bo‘lgan koreyalik bu borada amerikalik gigantning oldiga tusha olmaydi.

IDC xalqaro marketing tadqiqotlari kompaniyasining ma’lum qilishicha, ayni paytda jahonda sotilayotgan planshetlarning 30 foizi Apple hissasiga to‘g‘ri keladi. Ya’ni, Apple iPad jahonda eng ko‘p sotilayotgan planshet ekan.  

So‘nggi chorak yakunlari xususida to‘xtalar ekan, Apple yetakchisi Tim Kuk 2014 yildan keyin nihoyat bu chorakda planshet savdosida o‘sish kuzatilganini qayd etdi.  Natijada, 2017 yilning 3-moliyaviy choragida korporatsiya 11,4 mln dona shu turdagi gadjet sotgan, Ya’ni, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘sish 15% ni tashkil qilmoqda.

Shunday qilib, o‘tgan chorakda Apple 11,4 mln dona iPad planshetidan sotdi. IDC tahliliga ko‘ra, bu o‘sish Apple'ga daromad bilan birga, planshet bozorida yaqqol peshqadamga aylinsh imkonini ham berdi.

Ahamiyatli jihati shundaki, jahonda planshetga bo‘lgan ehtiyoj keskin tushib borayotgan bir paytda, iPad gadjeti ommalashib bormoqda. Tahlillardan ma’lum bo‘lishicha, dunyo bo‘yicha planshet savdosi 3,4% ga, ya’ni 37,9 mln donaga kamaygan.

IDC ekspertlarining qayd etishlaricha, Apple muvaffaqiyati ortida 2 ta yangi iPad modellarining savdoga chiqarilishi va narx-navo masalasida kompaniyaning bir oz chekingani turibdi. Natijada, ko‘pchilik foydalanuvchilar eski planshetlaridan voz kechib, yangi avlod gadjetlariga ega bo‘lishdi.

Kaliforniyalik kompaniyadan so‘ng reytingda uning koreyalik ashaddiy raqibi Samsung turibdi. Bu chorakda Samsung 6 mln dona planshet sotgan. Uning jahon planshet bozoridagi ulushi 15,8% ni tashkil qiladi.  

Peshqadam uchlikni Xitoyning Huawei kompaniyasi yakunlab beradi. Uning bozordagi hissasi 8%, ya’ni kompaniya 3 mln dona planshet sotgan. Undan keyingi o‘rin "hamyurti" Lenovo'ga nasib qilgan. Bu brend 2.2 mln dona planshet sotgan.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!