Jek Ma kelajakda boy bo‘lish uchun qaysi ko‘nikma kerakligini aytdi

Jek Ma kelajakda boy bo‘lish uchun qaysi ko‘nikma kerakligini aytdi

Jek Ma, Xitoy va jahonning eng yirik elektron tijorat platformasi bo‘lmish Alibaba asoschisi, Xitoyning eng boy kishisi.

Jek Maning fikricha, keyingi 30 yil ichida sun’iy aql inson tafakkuriga xos barcha bilimlarni o‘zlashtirib oladi. Bu esa ishsizlikning avj olishiga sabab bo‘ladi. Milliarderning fikricha, bu davrda odamlarning kunlik mehnat vaqti o‘rtacha 4 soatni tashkil qiladi.

"Yangi to‘lqin yaqinlashmoqda. Bu to‘lqin qo‘limizdagi ishimizni osonlik bilan tortib oladi. Bu to‘lqindan omon qolganlar esa boyib ketadilar va muvaffaqiyat qozonadilar. Bunda omon qolish uchun uning bir bo‘lagiga aylanish lozim," deydi Jek Ma.

"Yangi texnologik davrda axborot eng qimmat xomashyoga aylanadi, axborotni qayta ishlash hamda tahlil qila oladigan, statistik tizimlarni yarata oladigan mutaxassislar zamonning eng boy mutaxassislari bo‘lishadi".

"Biz asta-sekin axborot davriga qadam qo‘ymoqdamiz. Jahon borligicha axborot manbaiga aylanmoqda. Bu axborotni qayta ishlash va sotish mumkin. Xususan, chinakam axborot davri ayni paytda rivojlanayotgan "buyumlar interneti" va sun’iy aql tizimlarining omixtalashuvi bilan boshlanadi. Axborot va sun’iy aql yaqin kelajakda inson hayoti uchun muhim omilga aylanadi".

Alibaba kompaniyasi o‘z tizimida sun’iy aql va tahlil tizimidan unumli foydalanadi. Misol uchun, siz bu platformaga kirib, biror mahsulot qidirsangiz, shundan so‘ng Alibaba sizni tinch qo‘ymaydi. Sizga xilma-xil mahsulotlarni turli tarmoqlar yordamida taklif qilaveradi. Boisi, bu tizimda siz to‘g‘ringizdagi yetarli axborot shakllantirilgan.

Jek Maning fikricha, keyingi avlodning har bir vakili yoshligidanoq axborotni tahlil qilish va tizimlashtirish, sun’iy aql tizimlarini samarali qo‘llash va bu kabi aqlli tizimlarini ishlab chiqish ko‘nikmasiga ega bo‘lishi lozim. Bu ularning hayotda muvaffaqiyat qozonishi uchun poydevor bo‘ladi.