Jozibador Galaxy Note 9 ilk marta ko‘rinish berdi

Jozibador Galaxy Note 9 ilk marta ko‘rinish berdi

Samsung korporatsiyasi shu oyda jamoatchilik e’tiboriga Galaxy S9 va Galaxy S9+ flagman smartfonlarini havola qiladi.

Shu bilan birga, bu ishlab chiqaruvchi ayni paytda Galaxy Note 9 modeli ustida ham ter to‘kmoqda. Joriy yilning avgust-sentyabrida taqdimoti kutilayotgan gadjet bu yilgi eng so‘nggi va ilg‘or mobil texnologiyalarga ega bo‘ladi. Narx ham shunga yarasha -- "samoviy"!

Kechagina Samsung Galaxy Note 9 smartfoni aks etgan ilk suratlar internet tarmog‘ini "zabt etdi". O‘zingiz guvohi bo‘lib turganingizdek, yangi flagman hashamdor va jozibador dizaynda ishlangan.

Albatta, flagman chindan ham kuchli bo‘ladi. Qolaversa, Samsung kompaniyasi 2017 yilning yakunida yangi yilda mobil telefon sanoatida "inqilobiy smartfon"ning taqdim etilishini ma’lum qilgan edi.

Suratlarda aks etgan devaysga diqqat qaratadigan bo‘lsak, ko‘rinib turibdiki, Galaxy Note 9 devaysi to‘liq romdan xoli bo‘ladi. Old panelning 98% dan oshiq qismi ekrandan iborat bo‘lgan.

Old paneldagi barcha sensorlar uchun zarur o‘yiqlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri displeyning o‘zidan teshilgan. Old panelning quyisida esa ekranga joylashtirilgan virtual barmoq izi skaneri mavjud. Telefon korpusi to‘liq shishadan tayyorlangan. Orqa panelda qo‘sh sensorli bosh kameraga duch kelamiz.

Galaxy Note 9 smartfoni korpusining quyi qismida maxsus tuynuk bo‘lib, u yerga S Pen stilusini joylashtirish mumkin. Bunday qulaylikni turkumning avvalgi modellarida ham ko‘rganmiz.

Telefonni USB Type-C texnologiyasining ikkinchi avlod porti orqali quvvatlash mumkin. Google va Apple va boshqalar an’anaviy audio tuynukdan voz kechishgan bo‘lsa ham, yangi flagmanda Samsung kompaniyasi audio quloqchinlar uchun 3,5 mm.li portni qoldirgan.

Galaxy Note 9 modelining texnik xususiyatlari haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, uning 8 yadroli Qualcomm Snapdragon 845 (AQSh va Yevropa) yoki Samsung Exynos 9810 (boshqa hududlar) protsessoriga ega bo‘lishini aytish mumkin.

Yangi telefon korpusi IP68 standarti bo‘yicha chang va suvdan himoyalangan bo‘ladi. Koreyalik bu ilg‘or smartfon xususidagi ilk rasmiy ma’lumotlarning shu yilning may-iyun oylaridan boshlab taqdim etilishi kutilmoqda.

Bizning hisob-kitoblarimizga ko‘ra, Galaxy Note 9 jahon smartfon bozorlarida o‘rtacha 1,400 AQSh dollari bahosida, ya’ni Galaxy Note 8 modelidan 200 dollar qimmatga, 2017 yilning kuzida sotuvga chiqariladi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!