Kameralar jangi: Nokia 3310 Galaxy S7’ni “yer tishlatdi”

Kameralar jangi: Nokia 3310 Galaxy S7’ni “yer tishlatdi”

Esingizda bo‘lsa, 2000-yillardagi asl Nokia 3310 telefonida kamera mavjud emas edi. Uning 2017 yilda taqdim qilingan talqini esa zamon talabidan kelib chiqib, kamera bilan ta’minlandi. Nomidan kelib chiqib, sizda uning kamerasiga nisbatan nopisandlik uyg‘onsa, shoshmay turing. Uning 2 megapikselli kamerasi zamonamizning ba’zi bir flagman smartfonlarini ham dog‘da qoldirishi mumkin.
Quyidagi qiyosiy suratlarga ko‘z yugurtirib, Terabayt sayti jamoasi bir ovozdan qayta tug‘ilgan mashhur Nokiaga ovoz berdi. Uning olgan suratlari tabiiylikka yaqin. Ehtimol, sizning fikringiz boshqacharoqdir.

2 megapikselli ob’yektivning imkoniyatlarini 2017 yilning eng yaxshi telefoni deya e’tirof etilgan Galaxy S7 kamerasining kuchli sensoridan kam emasdek.
Misol uchun mana bu suratga e’tibor qiling.

Nokia 3310 kamerasida olingan surat

 

Galaxy S7’da olingan surat

Galaxy S7 olgan Piterning surati sarg‘ish tusga kirib, ranglarga haddan ziyod to‘yingan. Nokia 3310 olgan suratda esa muhit tabiiy ko‘rinishda o‘z ifodasini topgan. To‘g‘ri, GS7 kamerasi detallarga boy. Ammo, sizga tabiiylik yoqmaydimi? 3310 olgan suratda hammasi qanday bo‘lsa, shunday aks etgan. Bu esa uning haqiqiy, haqiqatparvar kamerafonligidan dalolat beradi. Shunday qilib, bu shartda tabiiylik tarafdori bo‘lganlar uchun Nokia 3310 g‘alaba qozondi.

Natija:

Nokia 3310: 1
Galaxy S7: 0

Nokia 3310 (2017) salobatini yo‘qotmaganini isbotlash uchun quyidagi suratga e’tibor qiling. Bu suratdan ko‘rinib turibdiki, manzara rangini boyitishga o‘ch bo‘lgan Galaxy S7’ning kamerasi bir oz oshirib yuborgan va natijada, surat qoraygandek tus olgan. Hayot esa doimo yorqin bo‘lishi lozim. Shunday emasmi? Rozi bo‘lsangiz, bu shartda ham “g‘isht” telefonimiz g‘alaba qozondi.

Nokia 3310 kamerasida olingan surat

 

Galaxy S7’da olingan surat

Natija:

Nokia 3310: 2
Galaxy S7: 0

Nokia 3310 kamerasida olingan surat

 

Galaxy S7’da olingan surat

Nokia’ning logotipidagi o‘ziga xoslikni muhrlash kompaniyaning o‘ziga tegishli mobil telefon apparatining linzalariga yarashadi. Shubhasizki, bu o‘rinda Nokia telefoni yana g‘olib.

Natija:
Nokia 3310: 3
Galaxy S7: 0

Quyidagi suratda esa telefonlar yegulikni suratga olish bo‘yicha bahslashadilar. Oziq-ovqat mahsulotlarini suratga olishda ko‘pchilik fotosuratchilar kameraning yegulikni mazaliligini qanchalik ifoda etishiga diqqat qiladilar. Ehtimol, bu qoida hech qayerda yozilmagandir.

Nokia 3310 kamerasida olingan surat

 

Galaxy S7’da olingan surat

Suratlarni solishtirib Nokia olgan suratda yegulikning tillarang bo‘lib tovlanayotganiga, undan xushbo‘y maza kelayotganiga guvoh bo‘lasiz. Galaxy S7’ning surati esa tundroq ko‘rinishda. Yana bir bor afsonaviy telefonning qaytishi quvonchli texnologik voqea bo‘lganiga shubha qolmadi.

Yakuniy baho:
Nokia 3310: 7
Galaxy S7: 0

Zamonaviy texnologiyalar bilan “qurollangan” Galaxy S7’ning mahoratiga tan bermay ilojimiz yo‘q. Biroq, ko‘pchiligimizning mobil tarmoqdagi ilk ovozimizning taralishi bevosita bir vaqtlar million-million dona sotilgan Nokia 3310 bilan bog‘liq. Shuning hurmati evaziga jamoamiz bilan uning qaytishini qo‘llab-quvvatlashga qaror qildik.

Bu materialni tayyorlash jarayonida Nokia 3310’ni qo‘msash hissini tuyganimizni unutmang. Fikrlaringizni esa, izohlarda yozib qoldiring.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!