Kasperskiy laboratoriyasi: «Birinchi chorakda DDoS-hujumlar soni kamaygan»

  •   DiMaX
  •  917
  •  28.06.2017 12:20

Kasperskiy laboratoriyasi: «Birinchi chorakda DDoS-hujumlar soni kamaygan»

Joriy yilning birinchi choragida butun dunyo bo‘ylab DDoS-hujumlar soni ancha kamaygani ma’lum bo‘ldi. Bu xususda Kasperskiy laboratoriyasining choraklik hisobotida ma’lumot berilgan, deb yozadi Anti-Malware sayti.

Kaspersky DDoS Intelligence tizimi tomonidan aniqlanishicha, yilning ilk choragi mobaynida dunyoning 72 ta mamlakatida joylashgan nishonlarga shunday hujumlar uyushtirilgan.

DDoS-hujumlarga nishon bo‘lgan ob’yektlar soni bo‘yicha birinchi o‘rinda odatdagidek Janubiy Koreya turibdi, ikkinchi o‘rinni esa AQSh egallagan. Niderlandiya 2015 yilning aprelidan buyon ilk bora Xitoyni kuchli uchlikdan siqib chiqargan – «osmon osti saltanati» yettinchi o‘ringa tushib qolgan. Rossiya bu ro‘yxatda beshinchi pog‘onada turibdi. Hujumlar nishonlari soni bo‘yicha kuchli o‘nlikdan Yaponiya, Ukraina va Bolgariya chiqib ketgan. Ularning o‘rniga esa Gonkong, Ruminiya va Germaniya kelgan.

DDoS-hujumlar nishonlari ko‘p bo‘lgan mamlakatlar:

Bu chorakda DDoS-hujumlarning operatsion tizimlar bo‘yicha taqsimlanishi ham o‘zgargan. Linux tizimidagi «Buyumlar interneti» qurilmalari botlarini siqib chiqarib, birinchi o‘ringa Windows-botlar ko‘tarilib olgan. Ularning ulushi o‘tgan chorakdagi 25 foizdan 2017 yilning yanvar-mart oylarida 60 foizgacha chiqqan.

Hisobot davri mobaynida birorta o‘ta kuchli hujum qayd etilmagan, biroq shifrlashni qo‘llagan holda amalga oshirilgan hujumlar soni oshgan. Bu esa Kasperskiy laboratoriyasining bulturgi prognozi bilan mos kelayotir: standart himoya vositalari bilan aniqlash qiyin bo‘lgan DDoS-hujumlar ommalashmoqda.

Umuman olganda, yilning boshi birmuncha «tinch» bo‘lgan – eng ko‘p sonli (994 ta) hujum 18 fevralda amalga oshirilgan. Hujumning davomiyligi bo‘yicha rekord esa atigi 120 soatni tashkil etgan. 2016 yilning so‘nggi choragida esa eng uzoq davom etgan hujum 292 soatga cho‘zilgan edi.

Kaspersky DDoS Prevention’ning Rossiyadagi menejeri Aleksey Kiselev shunday deydi:

«Yilning boshi DDoS-hujumlar sonining pasayishi besh yildan buyon an’anaga aylanib borayotir. Bu kiberhujumchilar yoki ularning buyurtmachilari o‘zlariga «mehnat ta’tili» belgilashlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Biroq baribir, 2016 yilning birinchi choragiga nisbatan hujumlar soni ancha yuqori bo‘ldi, bu esa buyog‘iga ular yanada ko‘payishini anglatadi. Shu bois ham xotirjamlikka asos yo‘q, kiberjinoyatchilar odatiy ish ritmiga o‘tishlarini kutmasdan, himoyalanish choralarini ko‘rish lozim».

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!