Katta miqdordagi videokassetalar noqonuniy olib kirilgan: eskirgan texnologiya kimga va nimaga kerak bo‘lgan?

  •   DiMaX
  •  1590
  •  28.05.2019 10:35

Katta miqdordagi videokassetalar noqonuniy olib kirilgan: eskirgan texnologiya kimga va nimaga kerak bo‘lgan?

Bilasizmi, videokassetali videomagnitofonlarning ishlab chiqarilishi va sotilishi to 2016 yilning yarmigacha davom etgan. Mazkur qurilmalarning oxirgi ishlab chiqaruvchisi – Yaponiyaning Funai Electric kompaniyasi videomagnitofon ishlab chiqarishni o‘sha paytda to‘xtatgan.

O‘QING: O‘tgan yili «rahmatli» bo‘lgan texnologiyalar

Lekin xalqimizda haliyam ushbu eskirgan texnologiya mahsulotlaridan foydalanuvchilar bor, shekilli – unga aloqador noqonuniy bir holat haqida Kun.uz nashri xabar bergan.

Xabarga ko‘ra, Namangan viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari bilan hamkorlikda Yangiqo‘rg‘on tumanida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbir davomida fuqaro T.A «Damas» rusumli avtomashinani boshqarib ketayotgan vaqtida to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Natijada, mashinaning salon qismida qo‘shni mamlakatdan O‘zbekistonga noqonuniy yo‘llar orqali olib kirilgan, xorijda ishlab chiqarilgan va tegishli hujjatlari bo‘lmagan, 9 475 dona videokassetalar borligi aniqlangan.

Ma’lum qilinishicha, ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan tovar moddiy boyliklarning umumiy miqdori 142 million so‘mni tashkil etadi. Hozirda mazkur holat yuzasidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

O‘QING: 23 dekabr – so‘nggi videokasseta partiyasi sotuvga chiqarilgan sana

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!