Kecha HP dunyoning eng yupqa noutbukini namoyish qildi

Kecha HP dunyoning eng yupqa noutbukini namoyish qildi

Noutbuk sanoatining tinib-tinchimas ishlab chiqaruvchisi HP yil boshida bo‘lib o‘tgan Elektronika mahsulotlari iste’molchilari ko‘rgazmasida namoyish qilgan HP Spectre X360 qurilmasidan so‘ng 2016 yilning o‘zida ikkinchi hayratomuz yupqalikdagi laptopni namoyish qildi. Apple’ning MacBook hamda Dell XPS 13 noutbuklarini dog‘da qoldirib, Spectre 13 noutbuki yoki HP Spectre “dunyoning eng yupqa noutbuki” nomiga da’vogarlik qilmoqda.

HP-Spectre

Spectre 13 korpusining qalinligi 10.4 mm, ya’ni 13,2 mm.li Apple MacBook hamda 15,2 mm.li Dell XPS 13 laptoplaridan ham yupqaroq.

To‘g‘ri, haddan tashqari yupqalik noutbukning salqinlatish tizimiga ta’sir qilib, qizib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin. Ammo bu muammoni bartaraf qilish uchun Spectre 13’ga maxsus issiqlikni chiqarib yuboradigan salqinlatish quvurchalari o‘rnatilgan.

Garchi yupqa bo‘lsa ham, HP’ning noutbuki 1.11 kg bo‘lib, Apple’ning 920 gramm tosh bosuvchi MacBook’idan og‘irroq.

HP-Spectre-13

Bir qarashda uning dizaynini MacBook noutbukidan ilhomlanib tayyorlanganini anglash qiyin emas. Ammo unda MacBook kabi yangi uslubdagi buraluvchi yoki olib qo‘yiladigan ekran qismi, sensor va hattoki 4K formatda namoyish qiladigan displey ham yo‘q.

HP Spectre 13 noutbuki 13,3 dyuymli IPS texnologiyasida ishlab chiqarilgan, Full HD sig‘imli ekran bilan ta’minlangan.

Noutbukning tezkor xotirasi 8 GB va doimiy xotirasining sig‘imi 256 hamda 512 GB.ni tashkil etadi. Ikki talqinda ishlab chiqariladigan laptopda Intel’ning so‘nggi rusumdagi Core i5 yoki Core i7 protsessorlaridan foydalaniladi.

HP kompaniyasining ma’lum qilishicha, laptopning ixchamligi uning akkumulyatorining ishlash samaradorligiga ta’sir qilmaydi. O‘rtacha foydalanganda akkumulyator quvvati 9.5 soatga dosh beradi. Apple’ning MacBook noutbukidan esa 12 soatgacha foydalanish mumkin ekan.

HP Spectre 13’ning korpusi dizayni va hashamiga, ko‘rinishiga ko‘ra yuqori sifatli noutbuklar sirasiga kiradi. Uning korpusi alyuminiy xomashyosidan ishlangan bo‘lib, quyi qismida mustahkam va yengil karbon metallidan foydalanilgan.

hp-spectre

Korpus yuzasida qo‘llanilgan o‘ziga xos bronza qatlami barmoq izlarini o‘zida saqlab qoladi. Korpusning quyi qismidan, klaviaturaning ikki chetida mayda uchburchakli to‘rsimon ko‘rinishda audio ovoz uzatkichlar o‘rin olgan. Qurilma audio tizimi Bang & Olufsen kompaniyasiga tegishli. Shu bilan birga, korpusning yon qismida USB Type C turidagi ulanish porti mavjud.

Ayniqsa, korpus yuzasidagi 4 ta tik holatdagi chiziq shaklida tushirilgan kompaniyaning logotipi noutbukka xos minimalizmga uyg‘un holda kelgan. Kompaniya bundan keyni mazkur ko‘rinishdagi logolardan foydalanishini ham e’lon qildi.

Kompaniya HP Spectre13 noutbuki uchun oldindan buyurtmalarni 25 apreldan boshlab qabul qilishi ma’lum qilingan. Qurilma avvaliga imtiyozli ravishda $1169 dollardan, maydan boshlab esa $1249 dollardan sotiladi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.