Kelajak smartfoni namoyish etildi

  •   DiMaX
  •  1075
  •  09.02.2017 09:38

Kelajak smartfoni namoyish etildi

Ilgarilari smartfonlar bir-biridan kuchli farq qilgan bo‘lsa, keyingi paytlarda ularning tashqi ko‘rinishi nisbatan bir xillashib borayotganini sezgandirsiz? Shuning uchunmi, dizaynerlar Filip Stark va Jerom Olive taqdim etgan kelajak smartfoni konsepti umuman boshqacha. Alo deb nomlanuvchi bu qurilma biz ko‘nikib qolgan «plitka»lardan tubdan farq qiladi.

 

Alo o‘ziga xos, futuristik materiallardan tayyorlangan «ajdaho tishi» shaklida. Tasvirni u o‘z ekranida emas, balki gologramma tarzida havoga yo‘naltirib aks ettiradi. Shunday ekan, an’anaviy – rangli katta ekranga endi hojat qolmaydi.

Kelajak smartfoni ovoz orqali boshqariladi va u kishini yuzidan taniy oladigan bo‘ladi.

Alo’ning korpusi elastik bo‘lib, yarim shaffof materialdan qilingan. Uning elektron tarkibiy qismlari esa alyuminiydan yasalgan yadroga joylashtirilgan.

Biz o‘rganib qolgan tugmachalar ham unda bo‘lmaydi. Biror matnni yozish uchun endi elektron yoki mexanik tugmachalar orqali harflab terish emas, balki uni aytib turish kerak bo‘ladi – smartfon sizning gapingizni matn tarzida tayyorlab beradi.

Yana Alo uch o‘lchamli gologrammalar yarata oladi; bu – video, suratlar va boshqa grafik mahsulotlarni tomosha qilishning yangicha uslubidir.

Foydalanuvchi bilan aloqani u vibratsiyalar va harorat o‘zgarishi yordamida amalga oshiradi.

Darvoqe, smartfonning mexanik shikastlanishidan endi cho‘chimasa ham bo‘ladi – Alo’ning yuzasi shunday materialdan ishlanadiki, sal tirnalish yoki jiddiyroq shikastlanishdan so‘ng u o‘zini o‘zi tiklab oladi.

Filip Stark bu konseptni seriyali tarzda ishlab chiqarishga joriy etmoqchi ekanligini aytgan. Ammo buning qachon imkoni bo‘lishi borasida hozircha hech kim bir nima deya olmaydi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!