Kelajakda biz ko‘nikadigan to‘qqiz texnologiya

Kelajakda biz ko‘nikadigan to‘qqiz texnologiya

Dunyo o‘zgaruvchan, xususan, texnologiya dunyosi. CES iste’molchi elektronikasi ko‘rgazmasida namoyish etilgan avtomobilga oid yangiliklar Detroyt eksponatlaridan ham qiziqarliroq ko‘rinadi.

Joylashib o‘tirib oling. CES (International Consumer Electronics Show) ko‘rgazmasining yangicha qurilmalari haqida hikoyamizni boshlaymiz.

Odamlar avtomobil haydash nimaligini unutadi

Avtopilot shundoqqina oldimizda turibdi. Avtomobil injenerlari hamjamiyati (SAE) avtomatlashtirish darajasini noldan beshgacha shkala bilan ifodalaydi. Bunda 0 – avtomatlashtirishning mutlaqo yo‘qligi bo‘lsa, 5 – haydovchi boshqaruvi umuman kerak bo‘lmaydigan avtonom mashinadir. Deylik, Tesla hozir uchinchi bosqichda, Ford esa to‘rtinchi pog‘onaga munosib mashinani ko‘rsatdi.

Fusion sedaniga o‘rnatilgan yangi avlod lidarlari 180 metrni “ko‘radi” (avvalgi lazerli radarlar 60 metrni “ko‘rgan”). Bundan tashqari “miyasi juda o‘tkir”. “Tesla” murakkab vaziyatga duch kelganda “sarosimaga tushib”, boshqaruvni haydovchi izmiga topshiradi yoki to‘xtab qoladi, avtonom “Ford” esa insonni ogohlantirgancha harakatlanishni davom ettiradi.

Kompyuter poygalari haqiqiy poygaga aylanadi

Ko‘pchilik markalar o‘zining kiberpoygachilar jamoasini to‘plagan. Ular kompyuter o‘yinlarining trassalarida musobaqalashadi. Haqiqiy poygachi “kompyuterchi”dan osongina o‘zib ketadi, deb o‘ylamang, CES vaqtida “elektron poyga” ham o‘tkazildi va unda “Formula”ning haqiqiy poygachisi Feliks Rozenkvist ikkinchi o‘rinda keldi. Ha, virtual poygachilar bilan hazillashib bo‘lmaydi.

Bundan tashqari simreyserlarga (kompyuter poygachilarining zamonaviy nomi) mo‘may pul to‘lashadi. Visa Vegas eRace chempionatida 20 yoshli kibersportchi Bono Gyuis birinchi o‘rin uchun 200 ming dollar mukofot oldi. Uning raqibi Devid Greko davrani yaxshi aylangani uchun 10 ming dollarli bo‘ldi.

Mototsikldan hech kim yiqilib tushmaydi

Honda injenerlari ikki g‘ildirakli mototsikl yiqilmasdan muvozanatini saqlashining yo‘lini topishdi. Mototsiklning elektronikasi datchiklar ma’lumotiga asoslanib, vilkasini doimo burib turadi, natijada mototsikl yiqilib tushmaydi. Bundan tashqari, 5 km/soatdan kam tezliklarda mototsikl og‘irlik markazini rostlash uchun vilkaning egilish burchagini kamaytiradi.

Shaxsiy transport tushunchasi yo‘qoladi

Siz ishga mashinangizda kelib bino oldiga qo‘ydingiz. Tushlik vaqti bo‘ldi, aytaylik, mashinangizda ovqatlangani jo‘nadingiz. Kechqurun esa uyingizga qaytdingiz. Natija: siz mashinangizdan ko‘pi bilan uch soatcha foydalandingiz xolos. Shuning uchun “raydshering” (boshqacha nomi “karpuling”) va “karshering” nomli texnologiyalar o‘ylab topilgan.

Hozirdanoq yo‘lda hamrohlarni topishda yordamlashuvchi o‘nlab xizmatlar tashkil etilmoqda. Qolaversa, yo‘l xarajati mutanosib taqsimlanadi va barcha uchun maqbul yo‘nalish tanlanadi. Bu raydshering deb ataladi. Agar mashina to‘la avtonom bo‘lsa, uni muayyan vaqtga arzon narxda osongina buyurtma qilishingiz karshering bo‘ladi.

Avtomobillar tezlanish olishi yaxshilanadi

Ilgari 5 soniyada 100 km/soat tezlikka erishish qimmatbaho sportkarlarga xos tezlanish edi. Ammo elektromobillar yuzaga kelishi bilan bu ko‘rsatkich o‘zgardi. Masalan, Tesla Model Sning P100D nomli eng yaxshi modifikatsiyasi 96 km/soat tezlikka chiqishi uchun… 2,4 soniya kerak.

Yana bir misol ko‘rgazmada taqdim etilgan Faraday Future krossoveridir. Sotiladigan versiyasiga 1050 ot kuchiga ega elektromotorlar o‘rnatiladi. Bu motor bilan mashina 96 km/soat tezlikka 2,39 soniyada chiqadi. Aytilishicha, zaryadi 608 km yo‘l bosishga yetadi. “Faradey”ni ishlab chiqarish 2018 yildan boshlanadi.

Elektronikani boshqarishda gologramma qo‘l keladi

BMW kompaniyasi sensor ekranni siypalash yoki kameraga qo‘l bilan ishora qilish eskirdi, deb hisoblaydi. Kelajak sezgir gologrammalarnikidir. Tasavvur qiling: qarshingizda fazoviy tarzda akslangan katta va qulay menyuning virtual tugmalarini bosib, havodan buyruq beryapsiz.

Avtomobil xo‘jalik ishlarida yordam beradi

“Ford” Amazon kompaniyasi yordamida tayyorlangan Alexa ovozli yordamchisi bilan integratsiyalashuvini e’lon qildi. Dastavval “Aleksa” masofadan turib eshiklarni ochish va yopishda, dvigatelni o‘t oldirishda yordam bergan bo‘lsa, endi rulda o‘tirgancha unga savol berish imkoniyati paydo bo‘ladi. Qiziqarlimi? Bu boshlanishi xolos.

Kelajakda Alexa egasini restoranga olib borishi yoki o‘quvchini maktabdan olib kelishi mumkin. Bu uy bekalarining orzuidir (xususan, eri ko‘p ichadigan uy bekalarining). Tasavvur qiling: mashina o‘zi maktab yoki bog‘chaga boradi, bolani kutadi, uni olgach, eshiklarni o‘zi yopgancha uyga qaytadi. Ma’lumot uchun: o‘rtacha yevropalik haydovchi bir yilning o‘n kunini avtomobil rulida o‘tkazadi.

Mashina transport emas, yordamchiga aylanadi

Avtomobil bilan gadjet orasidagi farq tobora yo‘qolib bormoqda. Avtonom tizim, sun’iy idrok va ilg‘or multimedia qurilmalari harakatlanish vositalarini aqllilashtirib qo‘ydi. Shuning uchun CES elektronika bilan boyitilgan mashinalar uchun juda mos ko‘rgazma hisoblanmoqda.

Avtomobilning boshqariluvchanligi, osmasining xususiyatlari muhokama mavzuiga aylanishdan to‘xtaydi. Agar mashinani avtopilot boshqarsa, nima haqida gaplashamiz? Elektronikasi, qo‘shimcha yordamchi texnologiyalari haqida, albatta.

Multimedia tizimi shifokorning o‘rnini bosadi

Hyundai Motor  “Health + Mobility” (“Salomatlik+mobillik”) konsepsiyasini namoyish qildi. Interfaol texnologiya datchiklar yordamida yo‘lovchilar sog‘lig‘ini nazorat qiladi. Betoblik alomati sezilganda shifokorga uchrashni maslahat beradi, ruhiy siqilish belgisi namoyon bo‘lganda esa salonda “stressni yo‘qotadigan sharoit” yaratadi.

auto.mail.ru maqolasi asosida tayyorlandi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!