Klaviaturadagi harflar nega alifbo tartibida emas?

Klaviaturadagi harflar nega alifbo tartibida emas?

“Nega endi klaviaturadagi harflar, to‘g‘rirog‘i ular yozilgan tugmachalar alifbo tartibi bo‘yicha emas, balki tartibsiz joylashtirilgan ekan-a?” – degan savol hech bo‘lmasa bir bor xayolingizdan o‘tgan bo‘lsa kerak. Buning ham o‘z sabablari va tarixi bor.

QWERTY – bugungi kunda eng ommalashgan lotin alifbosidagi klaviatura.  U ham kompyuterlarda, ham zamonaviy telefonlarda birdek qo‘llanilmoqda.  Harflar taqsimotining bunday shakli o‘z nomini klaviaturaning chap tomonida, yuqorida birin-ketin joylashgan belgilar sababli olgan. Kompyuter klaviaturasidagi harflarning bu yo‘sindagi joylashuvi 19 asrda paydo bo‘lgan bosma mashinalardan merosdir.

Kristofer Shoulz ixtiro qilgan ilk bosma mashinalarda harflar alifbo tartibi bo‘yicha ikki qatorga joylashtirilgan. Bundan tashqari faqat katta harflar bilan yozish mumkin edi. 1 va 0 raqamlari esa umuman bo‘lmagan. Ular o‘rniga “I” va “O” harflaridan foydalanilgan.

Avvaliga bu hammani qanoatlantirardi. Ammo vaqt o‘tishi bilan yozish tezligi ham o‘sib bordi. Shunda yozuv mashinkalarida jiddiy muammo yuzaga keldi: ayrim to‘qmoqchalar o‘z o‘rniga kelib joylashishga ulgurmas, pirovardida boshqalari bilan to‘qnashib, chirmashib qolardi. Sozlash uchun urinishlar esa, aksiga olib, mashinka buzilishiga sabab bo‘lar edi.

Shunda bir necha tajribalardan so‘ng, Kristofer Shoulz yangi klaviaturani ishlab chiqdi. U matnda ko‘p uchraydigan harflarni imkon qadar bir-biridan uzog‘roqqa joyladi. Shunday qilib, mashhur QWERTY klaviaturasi paydo bo‘ldi. Keyinchalik “to‘qmoqchalar” muammosi bo‘lmasa-da, QWERTY  tartibi komyuterlarga ham an’ana misol ko‘chib o‘tadi.

Ilk bor 1873 yilda QWERTY harflar taqsimoti, sanoati yo‘lga qo‘yilgan Remington 1 bosma mashinkasiga o‘rnatildi. Mazkur mashina modeli 5 yil davomida bozorda yagona bo‘lganligi sababli xaridorlar QWERTYga o‘rganib ulgurishgandi.  Aynan shu sababli u bugungi kunda ham keng qo‘llanilmoqda.

Tan olish kerakki, QWERTY klaviaturasidagi harflar joylashuvini eng maqbul taqsimot, deb bo‘lmaydi. Chunki u atayin yozuv tempini pasaytirish uchun o‘ylab topilgan. Vashington universiteti statistika prfessori Atrur Dvorak esa 1936 yili nisbatan qulayroq harflar taqsimotini taklif etdi. Uning asosiy maqsadi – foydalanuvchilar uchun maksimal darajada qulaylik yaratish edi.

Yangi turdagi harflar joylashuvida yozuvda ko‘p duch keladigan belgilar (harflar) o‘rta va tepa qatorlarga joylashtirildi. O‘rta qator chap qo‘l ostiga unlilar, o‘ng qo‘l ostiga aksar holda uchraydigan undoshlar o‘rnatildi.

Shu tarzda ikkala qo‘lga ham deyarli bir xil og‘irlik taqsimlanardi. O‘zingiz hisoblab ko‘ring, 8 soatlik ish kuni davomida barmoqlarimiz Dvorak klaviaturasi bo‘ylab 2 km masofani bosib o‘tadi. An’anaviy QWERTYda esa bu ko‘rsatkich 7 km.ni tashkil etadi. Shu ma’noda Dvorak kalviaturasidagi yozish tezligi QWERTY bilan taqqoslaganda ham ikki baravar yuqoridir.

Biroq Dvorakning taklif etgan klaviaturasi barcha qoidalar asosida, har tomonlama qulay qilib ishlangan bo‘lishiga qaramay, bugungi kunda uni foydalanuvchilarning atigi 2 % foizi qo‘llaydi xolos.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!