Kompyuterda reklamalardan birato‘la qutulish yo‘llari

  •   DiMaX
  •  2961
  •  24.03.2017 14:49

Kompyuterda reklamalardan birato‘la qutulish yo‘llari

Internetga kirganimizda eng ko‘p g‘ashimizga tegadigani – reklamalar va sahifaning sekin yuklanishi bo‘lsa kerak. Ularning ikkalasidan birdaniga va birato‘la qutulishni istaysizmi? Unda, bu maqolamiz aynan siz uchun!

Reklamalardan qutulishda bizga qo‘l keladigan brauzer kengaytmalari, alohida dasturlar va maxsus brauzerlar ham bor. Shulardan eng ommalashganlari, sodda, ko‘p funksiyali va qulaylarini tavsiya etamiz. Kompyuteringizga o‘rnatilgan opersion tizim hamda siz ishlatadigan brauzerga qarab, shulardan birini tanlab olishingiz mumkin.

Adblock Plus kengaytmasi

  • Litsenziya: bepul.
  • Operatsion tizimlar: Windows, macOS, Linux.
  • Brauzerlarga mosligi: Google Ghrome, Mozilla Firefox, Opera, Internet Explorer, Safari, «Yandeks.Brauzer», Maxthon, Microsoft Edge.
  • Ruscha interfeysi: bor.

Reklama cheklovchi kengaytmalar orasida eng keng tarqalgani. U saytlardagi reklama bannerlari va qalqib chiquvchi oynalarni a’lo darajada cheklay oladi, keng sozlama imkoniyatlariga ega o‘z filtrlari mavjud, yana bepul ham! Shuningdek, Adblock Plus foydalanuvchining virusli saytlarga kirishiga ham yo‘l qo‘ymaydi, bu bilan tizimni ham virus xavfidan ozod etadi.

Adblock Plus kengaytmasining saytiga kirib, o‘zingizga kerakli – brauzeringizga tushadigan variantini yuklab olib o‘rnatishingiz mumkin.

Element Hiding Helper qo‘shimchasi

  • Litsenziya: bepul.
  • Operatsion tizimlar: Windows, macOS, Linux.
  • Brauzerlarga mosligi: Mozilla Firefox, Google Ghrome, Opera, Safari.
  • Ruscha interfeysi: bor.

Bu – Adblock Plus kengaytmasiga qo‘shimcha bo‘lib, brauzerda veb-sahifaning istalgan qismini olib tashlash imkonini beradi. Masalan, Adblock saytdagi reklama kontentini olib tashladi. Qolgan ayrim tugmacha yoki havolalar reklama emas, ammo baribir siz ularni ko‘rishni istamaysiz. Deylik, rambler.ru saytidagi «Znakomstva na Ramblere» va Rossiya Sentrobanki havolalarining sizga qizig‘i yo‘q. Shunda ekranning yuqori o‘ng burchagidagi Adblock Plus belgichasini bosib, yashirilishi kerak bo‘lgan unsurni ko‘rsatish uchun «Vibrat skrivayemiy element» bandini tanlaysiz. Shuningdek, uni Ctrl + Shift + F3 tugmachalarini bosish orqali ham chaqirsa bo‘ladi. Keyin esa, o‘zingiz olib tashlamoqchi bo‘lgan unsur ustiga kursorni olib boring, u qizil rom bilan ajralib ko‘rinadi. Ustiga sichqoncha bilan chertib, ochilgan menyuda «Dobavit filtr»ni bosasiz – u g‘oyib bo‘ladi!

Element Hiding Helper’ni o‘rnatish uchun Adblock Plus saytiga kirib, shu qo‘shimchani yuklab olishingiz lozim.

uBlock kengaytmasi

  • Litsenziya: bepul.
  • Operatsion tizimlar: Windows, macOS, Linux.
  • Brauzerlarga mosligi: Google Ghrome, Mozilla Firefox, Safari.
  • Ruscha interfeysi: yo‘q.

Jonga teguvchi reklamani yo‘q qiladigan yana bir kengaytma. U ham Adblock Plus kabi samarali ishlaydi, ammo bitta ustunligi bor: uBlock veb-sahifalarning yuklanishini tezlashtirib, kompyuter resurslarini juda kam sarflaydi.

Veb-sahifadagi sizga yoqmagan istalgan qismni o‘chirib qo‘yish funksiyasi uBlock’da yo‘q, ammo buning uchun qo‘shimcha biror nima o‘rnatish ham shartmas. Undagi «Pipetka» jihozi shu ishni yaxshi uddalaydi.

Bloklovchilarning ko‘pchiligi, saytdagi reklamani yashirish bilan birga, alohida reklama bannerlarini ko‘rsatib turishadi va shundan daromad olishadi. Bu reklama deyarli ko‘zingizga chalinmaydi, ammo baribir o‘z maqsadiga erishadi. Ularni o‘chirib qo‘yish mumkin, lekin buning uchun cheklovchining sozlamalarini sal kavlashtirishga to‘g‘ri keladi va hamma ham bunga bosh qotirib o‘tirmaydi. uBlock kengaytmasida esa «reklamani yashirganlik uchun reklama» avval-boshidanoq yo‘q, demak, hech nimani o‘zgartirish ham shartmas.

Ushbu kengaytmani o‘z saytidan olib o‘rnatishingiz mumkin.

Ghostery kengaytmasi

  • Litsenziya: bepul.
  • Operatsion tizimlar: Windows, macOS, Linux.
  • Brauzerlarga mosligi: Google Ghrome, Mozilla Firefox, Opera, Internet Explorer, Microsoft Edge, Safari.
  • Ruscha interfeysi: bor.

Garchi bu ilova reklamani bartaraf etsa-da, uning asosiy maqsadi – foydalanuvchi va uning internetdagi faoliyati xususida saytlar tomonidan ma’lumotlar to‘planishiga chek qo‘yishdir. Shu bois ham, reklama cheklovchi dasturlarga qo‘shimcha tarzda Ghostery’ni o‘rnatish tavsiya etiladi.

Aftidan, payqagan bo‘lsangiz kerak: yangi telefon modeli haqidagi biror maqolani internetda o‘qiganingizdan keyin, boshqa saytlarga kirganingizda ham uning reklamasi ko‘p chiqaveradi. Ghostery aynan mana shunaqa ma’lumot to‘plash usuliga barham beradi, bu bilan sahifalarning ochilishini ham tezlatadi. Sezgandirsiz, bu ham xavfsizlikning muhim jihatlardan biridir.

Kengaytmaning saytida ko‘rsatilgan brauzerlar orasidan o‘zingiz ishlatadiganini topib, uni yuklab olsangiz bo‘ladi.

Opera brauzeri

  • Litsenziya: bepul.
  • Operatsion tizim: Windows.
  • Ruscha interfeysi: bor.

Reklamalarni cheklash xususida gap ketganida, Opera’ni esga olmay iloj yo‘q. Bu – veb-sahifadagi keraksiz kontentni bloklash imkoniyati mavjud bo‘lgan birinchi brauzerdir. Sizdan talab etiladigani – dastur sozlamalarini ochib, kerakli joyga galochka qo‘yib chiqishdir.

Agar biror sababga ko‘ra, istalgan saytdagi muayyan reklamani ko‘rishni istasangiz, «Upravleniye isklyucheniyami» tugmachasini bosib, uni «oq ro‘yxat»ga kiritib qo‘yishingiz mumkin.

Brauzerning saytidan uni olib o‘rnatishingiz mumkin.

Reklamani cheklovchi alohida dasturlar

Ha, reklamani cheklash uchun brauzerlarga o‘rnatiladigan kengaytmalarga ko‘ra bu maqsadga yo‘naltirilgan alohida dasturlarning imkoniyatlari kengroq. Ular nafaqat veb-sahifalarni, balki Skype, Viber yoki uTorrent kabi ayrim dasturlarni ham reklamadan tozalay olishadi.

Quyida ulardan eng muhimlarini ko‘rib chiqamiz.

Adguard dasturi

  • Litsenziya: tijorat dasturi.
  • Operatsion tizimlar: Windows, macOS.
  • Ruscha interfeysi: bor.

Adguard nafaqat brauzer va dasturlardagi barcha turdagi reklamalarni bloklaydi, balki umuman kompyuterda ishlashingizni osonlashtiruvchi keng sozlamalar imkoniyatiga ham ega.

Ota-onalar nazorati funksiyasi juda qulay unda: farzandingiz siz xohlamagan saytlarga kirmasligi uchun qora ro‘yxatni ham, faqat belgilangan saytlargagina kira olishi uchun oq ro‘yxatni ham sozlashingiz mumkin.

Bu dastur tarmoqdagi xavfsizlikni ham o‘z zimmasiga ola biladi: potensial xavfli tarkibga ega saytlarga kirishni cheklaydi va siz internetda ishlayotgan paytingizdagi faoliyatingizni «narigi tomondan» kuzatishlariga yo‘l qo‘ymaydi.

Uning saytidan ko‘chirib olib o‘rnatsangiz, 14 kunga bepul versiyasi taqdim etiladi, uyog‘i esa pulli.

Ad Muncher dasturi

  • Litsenziya: bepul.
  • Operatsion tizim: Windows.
  • Ruscha interfeysi: yo‘q.

Veb-sahifalardagi ziyonkor kodlarni osongina aniqlovchi Ad Muncher shubhali tarkibga ega saytlarni bloklaydi, yana dasturlardagi reklamalarni cheklash bo‘yicha ham keng imkoniyatlarga ega.

Uning afzalligi yengilligidadir: distributiv hajmi 500 Kbaytdan oshmaydi, dasturni o‘rnatish esa kompyuterning ishlash samaradorligiga aslo salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi.

Ad Muncher butunlay ingliz tilida bo‘lsa-da, interfeysi shunchalik sodda va tushunarliki, hatto tajribasiz foydalanuvchi ham uni tezda o‘rganib ola biladi.

Dasturni o‘z saytidan olib o‘rnatib, bemalol ishlatsa bo‘ladi.

AdFender dasturi

  • Litsenziya: shartli-bepul dastur.
  • Operatsion tizim: Windows.
  • Ruscha interfeysi: yo‘q.

Reklamani va keraksiz kontentni bloklashga xizmat qiluvchi mazkur dastur qanchalik sodda bo‘lsa, shunchalik kuchli ham. Uning filtri muntazam tarzda yangilanib turadi, bu esa AdFender bilan ishlashning tobora qulayroq va ishonchliroq bo‘lishiga olib keladi.

Dasturning asosiy funksiyalari bepul, kengaytirilgan imkoniyatlariga ega bo‘lish uchun esa to‘lovni amalga oshirishga to‘g‘ri keladi. Ammo shunga arziydi ham, axir, unda ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalarni cheklash, yaxshilangan himoya va texnik qo‘llab-quvvatlash markazi yordami kabi qo‘shimcha imkoniyatlar mavjud.

AdFender’ni ham o‘z saytidan – ingliz tilida olib o‘rnatish mumkin, biroq intuitiv tushunarli interfeysi tufayli u bilan ishlashda qiyinchilik yuzaga kelmaydi.

iOS va Android smartfonlarida reklamadan butkul xalos bo‘lish yo‘llarini esa quyidagi maqolamizdan bilib olishingiz mumkin.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.