Kun fotojamlanmasi: Xiaomi Mi A2

Kun fotojamlanmasi: Xiaomi Mi A2

Ishonchli insayderlar ilk marotaba Xiaomi Mi A2 modeli to‘liq aks etgan suratlarni e’lon qildilar. Shu kunga qadar Xiaomi Mi A2 devaysini old va orqa tomonidan tomosha qilgan edik.

Joriy oyning yakunida taqdimoti kutilayotgan devays bugun o‘zini to‘liq namoyish qildi.

Eslatib o‘tamiz, Xiaomi Mi A2 modeli Mi 6X devaysining xalqaro bozorga mo‘ljallangan, ya’ni "toza" Android operatsion tizimiga ega bo‘ladigan talqini hisoblanadi. Unda firmaning o‘zlashtirilgan dasturiy ta’minot tizimi bo‘lmaydi.

Suratlarda aks etishicha, korpus yetarli darajada yupqa. Orqa paneldagi bosh kamera modulining korpusdan bo‘rtib chiqib turgani ham bu fikrni asoslaydi.

Korpus quyisida ovoz dinamiklarining tuynuklari, shuningdek USB-C portiga joy ajratilgan. Korpus yuqorisida esa maishiy texnika vositalarini smartfon yordamida boshqarish imkonini beradigan Infra-qizil port mavjud.

Mi A2 smartfoni 2,2 GGs chastota intervalida ishlovchi 8 yadroli Qualcomm Snapdragon 660 protsessoriga ega bo‘ladi. Adreno 512 grafik chipi tasvirlarni tezkor ishlaydi. Smartfonning 5,99 dyuymli IPS-ekranining tomonlar nisbati 18:9 o‘lchamda bo‘lib, tasvir aniqligi 2160x1080 pikselga teng (Full HD+ formati).

Xiaomi Mi A2 asosiy kamerasi qo‘sh sensorli: 20 va 12 megapikselli datchiklardan iborat. iPhone X bosh kamerasi kabi yuqori chap burchakda tikka joylashadi. Smartfonning old kamerasi 20 megapikselli surat oladi.

USB Type-C porti, Quick Charge 3.0 tezkor quvvatlash texnologiyasi tatbiq etilgan 3010 mA/soat akkumulyatori, Wi-Fi 802.11ac, Bluetooth 5.0, A-GPS hamda 4G VoLTE modullari bilan bu model o‘ziga xos.

320 AQSh dollaridan boshlab sotilishi kutilayotgan Xiaomi Mi A2 smartfoni 24 iyulda, nisbatan soddaroq talqin bo‘lishi kutilayotgan Xiaomi Mi A2 Lite bilan birga taqdim qilinadi.