Kun mavzusi: Samsung Galaxy Note 7 rasman “o‘ldirildi”

Kun mavzusi: Samsung Galaxy Note 7 rasman “o‘ldirildi”

Bugun Janubiy Koreyaning Samsung Electronics kompaniyasi shu yilning avgust oyida global taqdimoti o‘tkazilgan Galaxy Note 7 fabletini ishlab chiqarishni butunlay to‘xtatdi. Bu haqda The Verge nashri ma’lumot tarqatgan.

“Mijozlarmizning salomatligini barcha narsadan ustun qo‘ygan ravishda, Galaxy Note 7 modelining savdosi va ishlab chiqarishini to‘xtatishga qaror qildik”, – deyiladi kompaniya bayonnomasida.

Kecha, 10 oktyabr kuni, Samsung Electronics mazkur modelni ishlab chiqarishni vaqtincha to‘xtatishini ma’lum qilgan edi.

Kompaniya butun dunyo bo‘ylab rasman sotilgan barcha Galaxy Note 7 smartfonlarini qaytarib oladi. Shu maqsadda Samsung Electronics mazkur fabletdan foydalanayotgan barcha iste’molchilardan qurilmani darhol o‘chirib, uni xarid qilgan sotuv nuqtasiga qaytarishni so‘ramoqda.

O‘tgan oyda Janubiy Koreya firmasi jahon bo‘ylab ushbu markadagi smartfonlarni almashtirishni boshlagan edi. Biroq yangi partiyadagi qurilmalarda ham avvalgi nosozlik aniqlanib, yonib ketish holatlari qayd etildi.

Reuters saytining ma’lum qilishicha, xalqaro miqyosda barcha Galaxy Note 7 smartfonlarini qaytarib olish va ishlab chiqarishni to‘xtatish natijasida kompaniya 17 mlrd AQSh dollari miqdorida moliyaviy zarar ko‘rishi mumkin.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.