Kvars shishasidan yasalgan «abadiy» qattiq disk 2021 yili sotuvga chiqadi

  •   DiMaX
  •  1316
  •  02.05.2017 11:34

Kvars shishasidan yasalgan «abadiy» qattiq disk 2021 yili sotuvga chiqadi

Rossiya Shishaning lazerli nanotuzilishi laboratoriyasi bazasida ikki yildan buyon kvars shishasidan qattiq disk yasash loyihasi ustida ish olib borilmoqda. Bu Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti hamda Istiqbolli tadqiqotlar jamg‘armasining hamkorlikdagi loyihasi hisoblanadi. Aslida loyiha turli materiallarga yozish va ulardan o‘qish xususiyatlarini tadqiq etishdan boshlangan.

2018 yilga borib shunday qurilmaning ishchi prototipini yaratish, keyinroq esa ularni amalda qo‘llash ko‘zlangan. Rejaga ko‘ra, yangi turdagi axborot tashuvchilarni 2019 yili iste’molga kiritishadi va shisha disklarga dastlab kutubxonalar va arxivlarni «o‘tkazishadi».

TASSga bergan intervyusida Istiqbolli tadqiqotlar jamg‘armasi laboratoriyasi rahbari Ivan Glebovning ta’kidlashicha, kvars shishasi asosida tayyorlanadigan disklar tashqi muhit ta’sirlaridan, jumladan – radiatsiyadan ham umuman zarar ko‘rmaydi va o‘ziga yozilgan ma’lumotlarni yuz ming yillar davomida saqlay oladi.

Muhandislarning ishonchi komilki, yangi texnologiya «ma’lumotlarning sovuq saqlanishi» (ya’ni, ma’lumot yozib qo‘yiladi va keyin unga juda kam murojaat etiladi) talab etiladigan barcha joylarda qo‘llanadi. Bu texnologiyaning yana bir afzalligi – u iqtisodiy jihatdan o‘ta manfaatli. Axir, ma’lumotlarni bunday saqlash usuli hech qanday energiya talab etmaydi: qachonki ichiga yozilgan ma’lumot kerak bo‘lib qolsa, diskni qurilmaga o‘rnatib, ishga tushiriladi – vassalom.

«Shisha» disklar narxiga ko‘ra oddiy qattiq disklar qatori bo‘ladi. Ulardan tijorat maqsadlarida foydalanish, ya’ni keng iste’mol uchun bozorga chiqarish esa 2021 yilga rejalashtirilgan.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!