Lenovo: bizning smartfonlarga josus dasturlar o‘rnatilmagan

Lenovo: bizning smartfonlarga josus dasturlar o‘rnatilmagan

Bundan taxminan bir necha kun avval AQShda sotilgan arzon Blu smarftonlari foydalanuvchilarga tegishli shaxsiy ma’lumotlarni maxfiy tarzda Xitoydagi axborot to‘plash markaziga yuborib turgani haqida saytimizda xabar bergan edik. Serverlar Xitoyning  Adups kompaniyasiga tegishli bo‘lib, ZTE va Huawei kabi yirik kompaniyalar ham uning mijozi sanaladi.

Mazkur holatdan so‘ng ba’zi xitoylik ishlab chiqaruvchilar o‘zlarini shubhadan xoli qilish maqsadida qurilmalarining xavfsizligi borasida bayonot berishni boshladilar. Jumladan, “Lenovo va Moto brendlari ostida sotilayotgan smartfonlarda Adups kompaniyasiga tegishli dasturiy ta’minotdan foydalanilmaydi va biz hech qachon o‘z gadjetlarimizga Adups dasturlarini o‘rnatmaganmiz ”, – deyiladi Lenovo firmasining bayonotida.

3D nashrining yozishicha, Shanghai Adups Technology kompaniyasining rasmiy vakili Lili Lim The New York Times gazetasiga bergan intervyusida, firma tarafidan tayyorlangan dasturlar faqat reklama va tijorat maqsadlarida chiqarilganini va muayyan taraflarning foydasiga josuslik qilmasligini ma’lum etgan.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.