Lenovo interneti 1 gigabitlik smartfon tayyorlamoqda!

  •   DiMaX
  •  864
  •  10.03.2017 11:32

Lenovo interneti 1 gigabitlik smartfon tayyorlamoqda!

Yaqin yillar ichida beshinchi avlod uyali aloqa tarmog‘i ishga tushirilishi kutilmoqda. Bungacha esa aloqa operatorlari va mobil qurilmalar ishlab chiqaruvchilari yangi davrga – Gbit/soniya tezlikdagi 5G tarmog‘iga o‘tishga hozirlik ko‘rishayotir.

Yanvar oyida Avstraliyaning Telstra uyali aloqa operatori yangi, dunyodagi ilk gigabitlik LTE-tarmog‘ini ishga tushirganligini ma’lum qilgan edi. Barselonadagi MWC 2017 ko‘rgazmasida esa ZTE kompaniyasi xuddi shunday tezlikdagi ma’lumot almashinuv qobiliyatiga ega birinchi smartfonni taqdim etdi.

Endi esa Lenovo kompaniyasi Qualcomm hamda AQShning Sprint aloqa operatori bilan hamkorlikda shunday devaysni tayyorlashga kirishgan. Yangi Orleanda tashkil qilingan maxsus tadbirda uning imkoniyatlari namoyish etildi.

Mazkur smartfon o‘rtacha 600 – 800 Mbit/soniya oralig‘idagi tezlikni namoyon etmoqda, ammo hozircha bu – laboratoriya sharoitlari, real foydalanishda esa u birmuncha past bo‘lishi mumkin.

Aytish kerakki, qurilmaning o‘zi maxsus g‘ilofga solinib, tashqi ko‘rinishi butkul yashirilgan, faqat displeyigina ko‘rinadi. Aftidan, u Lenovo kompaniyasining yangi flagmani – Moto Z (2017) bo‘lsa kerak.