Lenovo «mutlaqo romsiz» flagmanining nomi va suratini e’lon qildi

  •   DiMaX
  •  1257
  •  11.05.2018 18:32

Lenovo «mutlaqo romsiz» flagmanining nomi va suratini e’lon qildi

Bundan ikki kun avval Lenovo vitse-prezidenti Chan Chen (Chang Cheng) kompaniyaning navbatdagi flagman smartfoni haqida ilk ma’lumotni bergan edi. Uning ta’kidlashicha, bu qurilma korpus old yuzasining 95 foizini egallagan «haqiqiy romsiz» displeyga ega.

O‘QING: Lenovo «haqiqiy romsiz» smartfonni ko‘rsatdi (+video)

Endi esa Chan Chen ushbu devaysning navbatdagi reklama tizerini ham e’lon qildi. Unda smartfonning old tomonini namoyish qiluvchi chizma hamda modelning nomi aks ettirilgan.

Reklama tizeriga qaraganda, Lenovo bo‘lajak flagmanining displeyi har tomonidan o‘ta yupqa hoshiya bilan chegaralangan. Ekranning tepa qismida «o‘yiq» yo‘q – xitoyliklar bu gal iPhone X’ga ergashishmagan.

Korpusning yon qirralaridan ko‘rinib turibdiki, uning orqa paneli metalldan bo‘lib, tepa va pastki qismlarida esa plastikdan ishlangan qo‘yilmalari mavjud. Chizmaning burchagida mazkur smartfonning nomi – «Lenovo Z5» yozuvi tushirilgan.

Lenovo vitse-prezidentining ta’kidlashicha, ushbu model ustida ishlayotib, muhandislar to‘rtta muhim texnik yangilik joriy etishgan. Ularning aynan nimalar ekanini Chan Chen izohlamagan, ammo kuzatuvchilar bu borada o‘z taxminlarini aytishgan. Bular suriluvchan kamera, ekran ostiga joylangan dinamik hamda displeyga integratsiyalashtirilgan barmoq izi skaneri bo‘lishi mumkin.

Lenovo Z5 flagmanining taqdimot sanasi, texnik xususiyatlari va narxi hozircha ma’lum qilinmayotir. Bu boradagi yangiliklardan birinchilar qatorida bahramand bo‘lish uchun bizni kuzatib boring.

O‘QING: MWC 2018’da rekord: eng romsiz smartfonni kim yasagan? (+video)

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!