LG G5: namoyish, yangilik va quloqqa chalinayotgan gaplar

LG G5: namoyish, yangilik va quloqqa chalinayotgan gaplar

The LG G5 telefon apparatining 21 fevral kuni, Barselonada o‘tadigan Jahon mobil sanoati va kongressida taqdim etilishi kutilmoqda. Sizga bu qurilmaga oid mutaxassis va nashrlarning taxmin va yangiliklarini havola qilamiz. Bu jihatlar namoyish etiladigan qurilmaga nisbatan farqli bo‘lishi mumkin.

LG G4 taqdimotidan oldin ham bu qurilmaning tezda ommalashishi kutilgan edi. Biroq uning jihatlari foydalanuvchilar kutganidek bo‘lmadi. Ammo 2016 yilda LG muxlislari uchun yaxshi yangilik tayyorlagani aniq.

G4 qurilmasida guvohi bo‘lganimizdek, LG hozircha hammaga ma’qul bo‘layotgan metall yoki shishali korpus ustida bosh qotirayotgani yo‘q. Plastik va charm kompaniya mobil qurilmalarining qobig‘idagi asosiy xomashyodir. Lekin Apple, Samsung, HTC va Sony ayni shu borada mobil qurilmalar bozorida ilgarilab borayotgani sir emas.

Indalloga o‘tamiz

Naver.com nashrining yozishicha, yangi mobil apparat metall korpusli bo‘ladi. Uning ekrani ustidan pastga tomon bukilgan bo‘lishi ham mumkin. Qurilmaning orqa tomonidagi o‘chirib-yoqish tugmasi o‘z navbatida barmoq izlarini oluvchi skaner vazifasini ham o‘taydi.

Taxminlarga ko‘ra uning korpusi akkumulyatoridan ajraladigan yoki bir butun shaklda bo‘lishi mumkin.

Cnet Korea marketing va konsalting kompaniyasi vakilining ma’lumoticha, qurilma quvvat toshi (akkumulyator) uchun korpus orqasida zamonaviy flagman telefonlar SIM kartasiniki kabi maxsus joy ajratiladi.

Ovoz tugmasi qurilmaning ikki biqinidan o‘rin oladi. Uning o‘lchami 149.4 x 73.9 x 8.2 mm bo‘ladi. Bu degani u 155 gramm tosh bosuvchi LG G4 qurilmasidan novcha, ammo yupqa va yengil bo‘ladi.

LG G5 Marshmallow operatsion tizimi bilan ishlaydi.

Uning 5.6 dyuymli displeyi 4K texnologiyasiga ega bo‘ladi. Ya’ni undagi piksellar sig‘imi 3840 x 2160 belgiga teng bo‘ladi. Bu tasvirning o‘ta yorqinligi va aniqligi degani.

2016 yil 4K texnologiyasiga ega displeyli smartfonlarga boy bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Hatto 4K formatidagi videotasvir oluvchi telefon qurilmalari ham ommalashsa ajab emas.

Ekran turi – IPS LCD touchscreen, 16M. Ekran Corning Gorilla Glass 4 hamda LG Optimus UX 5.0 UI himoya qatlamiga ega.

LG G5 namoyishi

LG’ning 2015 yilgi Android smartfoni – LG G4 aprel oyida taqdim qilingan edi. Sh ubois, navbatdagi flagmanning ham bahorda namoyish qilinishi kutilayotgan edi. Kompaniya esa bu kunni oldinroqqa ko‘chirgan, namoyishni Barselonada o‘tadigan Jahon mobil sanoati va kongressida taqdim etishga qaror qilgan  ko‘rinadi.

Kompaniya bu qarorga bejizga kelmagan. Boisi Samsung Galaxy S6 va HTC One M9 namoyishi 2015 yilda ayni shu tadbirda, LG G4 taqdimotidan 2 oy ilgari o‘tkazilgan edi. Bu esa LG kompaniyasi qurilmasining ommalashuviga ta’sir o‘tkazmasdan qolmadi. LG navbatdagi poygada Samsung Galaxy S7 va HTC One M10 vositalarining LG G5’dan ilgari namoyish etilishiga yo‘l qo‘ymoqchi emas.

O‘ziga xos jihatlari

  1. To‘liq metall qoplama

Garchi, kompaniyaning plastik va charm qoplama korpuslarining jozibasi HTC One M9 yoki iPhone 6’ning metall qobiqlaridan kam bo‘lmasa ham, metall qoplama apparatlarga hashamdorlik baxsh etadi.

  1. Skaner tizimi

Deyarli barcha, hatto yangi qo‘l telefonlari brendlari ham barmoq izlari skaneriga ega bo‘lgan bir mahalda LG’ning bu ishni kechiktirib kelgani sharmandali holat edi. Yangi qurilma orqasidagi quvvat ta’minoti tugmasining skanerga aylanishi ajoyib yangilik bo‘ldi.

Yana bir qoyilmaqom yangilik shundaki, LG G5’da ko‘z qorachig‘ini skaner qilish orqali tizimga kirishga ruxsat berish texnologiyasi tatbiq qilinishi mumkin. Ya’ni, u egasini ko‘ziga qarab taniydi.  Qurilma 50 sm masofadan turib ko‘zni farqlay oladi.

  1. Yanada innovatsion displey sohillari

Samsung Galaxy S6 Edge qurilmasining ikki biqinidagi sohil ekranlari ko‘zimizga qanchalik chiroyli ko‘ringan bo‘lsa, LG yangi telefonda tatbiq qilmoqchi bo‘lgan displeyning tepa va pastki tomonlaridagi ekran sohillari shu qadar jozibali tuyilishi aniq. Bu kabi qayrilma ekranlar xabarlarni oson o‘qish imkonini beradi.

  1. 4K ekran

LG ekran masalasida yuqori tajribaga ega va doim olg‘a yurgan. Navbatdagi smartfonning 5.5 dyuymli 4K (3840 x 2160) ekrani ajoyib tiniqlikka ega. Har bir dyuymda 801 ta piksellar degani! Bu esa ekrandan Virtual Reality – virtual voqelik texnologiyasida ham foydalanish mumkin degani.

Shuningdek, ekranning 5.6 dyuym, 2560×1440 piksel sig‘imiga ega, HD formatidan 4 marotaba sifatli tasvirga ega QHD formatida bo‘lishi mumkinligi haqida ham taxminlar bor. Unday bo‘lsa, virtual voqelikni hozircha unutamiz.

  1. Mustahkam quvvat manbai

LG G2 mobil aloqa vositasini hisobga olmaganda, kompaniya so‘nggi yillarda bu yo‘nalishdagi ilg‘orligi bilan maqtana olmaydi. Foydalanuvchilar qurilmada undan eng kamida ikki kun foydalanish imkonini beruvchi akkumulyator kutishmoqda. Unda simsiz quvvatlash texnologiyasi ham bo‘lishi mumkin.

Manbaalarning yozishicha, qurilma 4000 mAs Li-ion turidagi 1 soatda, tezkor quvvatlanuvchi akkumulyatorga ega bo‘ladi.  Kompaniya Qualcomm Quick Charge 3.0 texnologiyasini tatbiq qilish uchun hamkorlik qilayotgan ekan. Bundan kuchsizroq quvvat toshining 4K tasvirga uzoq vaqt dosh berishi qiyin.

  1. Tezkorlik

3GB tezkor xotiraga ega LG G4 bu masalada muxlislarni xafa qilgan edi. Nafaqat tasvirga olish, balki o‘zaro ilovalardan foydalanishda ham sustlik seziladi. LG G5 bu kabi kamchiliklardan forig‘ bo‘lsa ajab emas. Boisi unda 64bit Qualcomm Snapdragon 820 protsessorining bo‘lishi kutilmoqda. Ya’ni 4G LTE CAT9 tarmog‘ida sekundiga 450MB ma’lumotni almashish mumkin.

Qo‘shimcha 64GB microSD xotirani 200 GBgacha bo‘lgan xotiraga almashtirsa bo‘ladi. LG G4 apparatida esa undan kuchsizroq bo‘lgan Snapdragon 808 o‘rnatilgan.

Qurilma 2G, 3G, 4G LTE, HSPA, EDGE, GPRS kabi aloqa tarmoqlarida faoliyat ko‘rsatadi.

  1. Tezkor kamera

Qurilmadagi bosh kamera 20MP bo‘lib (LG G4 kamerasi esa 16MP), Sony kompaniyasining 0.5 dyuym (12.7 mm)li sensor kamerasi hisoblanadi. Unda  lazerli avtofokus, OIS, LED chaqnash, fokusni to‘g‘irlash, yuz va tabassum detektori, panorama, ishora orqali boshqarish kabi funksiyalar mavjud. Qurilma 2160x1080 formatda stereo ovozli videotasvirni yozib oladi.

LG G4 kamerasini yoqish uchun 0.6 sekund vaqt kerak.  Ovoz tugmasi orqali esa uni 2 soniyada ishga tushirish mumkin.

Boshqa bir manbaaning aytishicha, mobil vositasining orqa kamerasi 21 MP va old kamerasi 5 MP bo‘lishi mumkin.

  1. Chertish kodi

LG mobil qurilmalari tizimiga ularning ekraniga chertish kodlarini kiritish orqali kirish mumkin. Yangi innovatsiyada xuddi shu yo‘l orqali uni “uxlatish”, ya’ni bloklash ham mumkin. Ammo jarayon sekin amalga oshadi. Shuningdek, foydalanuvchilar 86 ming kombinatsiyaga ega chertish kodlari barmoq izlari skaneridan ko‘ra ishonchlikroq ekanini aytishmoqda. Yangi qurilmada ko‘z yoki barmoq izlari skaneri tatbiq qilinsa ham, kodli kirish saqlanib qolishi ham mumkin.

  1. Interfeys

Qurilma interfeysida microUSB v2.0 (SlimPort 4K) hamda USB Host portlari mavjud.

  1. Narx-navo

Hozircha aniq ma’lumot yo‘q. Lekin LG G5 900 AQSh dollaridan sotilishi mumkin. 32GB, plastik korpusli LG G4 Amazon internet do‘konida 609 AQSh dollari, charm qoplamalisi 584 dollardan sotilmoqda. “Malika” bozorida esa bu qurilma narxi  3 050 000 so‘m.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!