LG G7 ThinQ smartfonini har tomonidan ko‘rsatishdi

  •   DiMaX
  •  2065
  •  24.04.2018 11:22

LG G7 ThinQ smartfonini har tomonidan ko‘rsatishdi

Janubiy Koreyaning LG kompaniyasi joriy yilning 2 may kuni Nyu-York shahrida o‘zining yangi flagmani LG G7 ThinQ smartfonini rasman namoyish etishni rejalashtirgan. Bu qurilmaning xususiyatlari haqidagi ma’lumotlar hamda uning render suratlari ham tarqalgan.

O‘QING: LG G7 ThinQ: haqiqiy flagmanni endi ko‘rasiz

Mashhur insayder Evan Bless o‘zining Twitter sahifasida yangi smartfonning sifatli rasmini e’lon qildi.

Ushbu surat G7 ThinQ haqidagi avvalgi ma’lumotlarning to‘g‘riligini tasdiqlaydi. Devaysning orqa panelida modullari tikka joylashgan qo‘shaloq kamera, uning ostida esa daktiloskopik skaner mavjud. Kameradan chap tomonda esa yorug‘lik-diodli chaqnoq hamda lazerli avtofokus yordamchisi o‘rin olgan. Telefonning old tomoni ham avvalgi rasmlarda ko‘rganimizdek, ekrani ustida «kemtik» bor.

O‘QING: LG G7 bu borada iPhone X'ni dog‘da qoldiradi

Korpusning chap qirrasida ovozni balandlatish-pastlatish tugmachasidan tashqari yana bitta tugmacha ko‘zga tashlanadi. Kuzatuvchilarning fikricha, u Google Assistant virtual yordamchisini chaqirish uchun ishlatiladi. Agar bu taxmin o‘z isbotini topsa, LG G7 ThinQ modeli Google Assistant uchun moddiy tugmachaga ega ilk smartfon bo‘ladi. Telefonning o‘ng qirrasida uni yoqish-o‘chirish tugmachasi, pastki qirrasida USB-C porti, mikrofon va ovoz chiqarish tirqishlari, shuningdek quloqchinlar uchun 3,5 millimetrlik mini-jek ko‘rinadi.

G7 ThinQ modeli kamida besh xil tusda taqdim etiladi: qora (Aurora Black), kul rang (Platinum Grey), moviy (Moroccan Blue), jilosiz ko‘k (Moroccan Blue Matte) hamda pushti (Raspberry Rose).

Hozirgacha tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, LG G7 ThinQ smartfoni diagonaliga 6,1 dyuymlik IPS-displey (M+ LCD) bilan jihozlanadi, uning tasvir aniqligi 3120x1440 pikselga teng. Qo‘shaloq kameraning har bir ob’yektivi 16 megapikselli, ulardan birinchisi F/1.5 diafragmasiga ega. Smartfon samaradorligini Snapdragon 845 chipi hamda 6 gigabaytlik tezkor xotira ta’minlab beradi. Doimiy xotira hajmi esa 64 yoki 128 gigabaytlik bo‘lishi aytilayotir. Boombox ovoz kuchaytirgichiga ega LG G7 ThinQ taqdimotdan keyinoq taxminan 900 AQSh dollari atrofida narx bilan savdoga qo‘yiladi.

O‘QING: LG G7 ilg‘or funksiyasi bilan aqlni shoshirib qo‘yadi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.