LG kompaniyasi G6 Plus flagmanini taqdim qildi

LG kompaniyasi G6 Plus flagmanini taqdim qildi

LG G6 flagmani MWC 2017 xalqaro anjumanida, mart oyining boshida taqdim qilingan edi. LG kompaniyasi kuni kecha bu smartfonning davomchisi — G6 Plus’ni taqdim qildi. G6+ smartfoni doimiy xotiraning kengaygani hamda simsiz quvvat olish texnologiyasiga ega bo‘lgani va boshqa funksiyalar bilan G6 flagmanidan farqli. Qolaversa, ishlab chiqaruvchi yangi smartfonda Low Power Consumption quvvat tejash funksiyasini ham joriy qilgan.

LG G6+ amaldagi flagmanga nisbatan yirik ekranga ega bo‘lmadi. 5.7 dyuym ekran kichik ham emas, aslida. Uning doimiy xotira sig‘imi 64 GB.dan 128 gigabaytga yetdi, shuningdek flagman simsiz quvvat olish hamda Faceprint foydalanuvchi qiyofasini tanish funksiyasi, Quad DAC ovoz va audioni qayta ishlash texnologiyasiga ega bo‘lgan. Faceprint yordamida foydalanuvchi smartfondagi biror tugmani bosmasdan tizimga kirishi mumkin bo‘ladi. Buning uchun devaysni qiyofaga tutsa bo‘ldi — telefon tizimi 1 sekundda ochiladi.

Ayni paytda AQShda sotilayotgan LG G6 simsiz quvvat olish texnologiyasiga ega bo‘lsa ham, unda ovozni raqamli qayta ishlash texnologiyasi mavjud emas. Koreyada sotilayotgan LG G6’da esa teskarisi. G6+ esa har ikkala texnologiya bilan ta’minlangan.

Yana bir o‘ziga xos jihati — korpusning xilma-xil ranglarda ishlab chiqarilayotgani. LG yangi flagmanini “Optical Astro Black” (qora), Optical Terra Gold (tilla rang) va Optical Marine Blue (moviy) kabi yangi rangdagi korpuslarda taqdim qilmoqda. Shuningdek, smartfon komplektidan taniqli Bang & Olufsen brendiga xos audio-quloqchinlar joy olgan.

LG G6 5,7 dyuymli, QHD+ (1440 x 2880 pikselli) sig‘imli FullVision displeyga, 120 gradus burchak ostida surat oluvchi 13 megapikselli 2 ta ob’yektivdan iborat bosh kameraga, 2016 yilning ilg‘or Qualcomm Snapdragon 821 protsessoriga ega.

LG G6+ flagmanida 4 GB tezkor xotira, 3300 mA soat elektr sig‘imiga ega akkumulyator o‘rnatilgan. “Aqlli telefon” Android 7.1 operatsion tizimining o‘zlashtirilgan UX 6.0 interfeysida faoliyat ko‘rsatadi.

Shuningdek, kompaniya 32 gigabaytli doimiy xotiraga ega LG G6’ni ham taqdim qildi. Bu ayni paytda sotilayotgan, 64 gigabaytli LG G6’ning arzon talqini.

Narx-navo
LG G6 smartfonining bazaviy, ya’ni 64 GB (LG LGH870DS) modeli aprelda xalqaro bozorda 890 AQSh dollaridan sotila boshlangan edi. Oradan 2 hafta o‘tib uning narxi 15 foizga tushib ketdi. Ayni paytda smartfon 600 AQSh dollaridan ham sotilmoqda.

LG G6+ esa iyuldan 800 dollar bahosida sotuvga chiqariladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!