LG navbatdagi kuchli flagmanni taqdim qildi

LG navbatdagi kuchli flagmanni taqdim qildi

Garchi, MWC 2018 anjumanining rasmiy ochilishi ertaga mo‘ljallangan bo‘lsa ham, jahon IT-texnologiyalari ishlab chiqaruvchilari allaqachon yangi texnologiya va mahsulotlari bilan barchani xursand qilishga ulgurmoqdalar.

Alcatel brendidan so‘ng, taniqli LG kompaniyasi ham o‘zining flagmanini taqdim qildi. Mobil biznesda bir qator muammolarga duch kelayotgan kompaniyaning bu galgi smartfon modeli yangi jihatlarga boy bo‘lgan.

Barselonada taqdim etilgan yangi model LG V30'ning "merosxo‘ri" bo‘lib, bu galgi telefon "sun’iy idrok" xususiyatlariga ega bo‘lgan. Shu bilan birga, korpus yangi rang hamda kattaroq xotira bilan ta’minlangan.

LG V30S ThinQ deb nomlanuvchi flagman 6 gigabaytli tezkor hamda 256 gigabaytli doimiy xotirasi, marokashcha moviy va platinacha kulrang tusdagi korpusi bilan LG V30'dan ajralib turadi.

Dasturiy ta’minotda esa "sun’iy aql" flagmanni nihoyatda taassurotli jihatlar bilan boyitgan. Telefon "Vision AI" va "Voice AI" deb nomlanuvchi "aqlli dasturlar" asosida yangi funksiyalarga ega bo‘lgan.

"Vision AI" o‘zida 3 jihatni jam qilgan:

QLens — suratdagi ob’yektlar xususida qo‘shimcha ma’lumot olish, ularni izlash, xususan internet do‘konlardan izlash hamda QR‑skanerlarni aniqlash.

AI Cam — ob’yektni aniqlaydi va suratga olishni avtomatik ravishda ishga tushirib, maksimal darajada yorqin surat oladi. Kamera ilovasida "oziq-ovqat", "peyzaj", "gul", "portret", "uy hayvonlari" kabi rejimlar mavjud.

Bright — "sun’iy aql" algoritmlari yorug‘lik past sharoitda surat sifatini yaxshilash uchun zarur yorug‘lik miqdorini qo‘shadi.

Voice AI funksiyalari yordamida esa smartfonga ovozli buyruq berish mumkin. Bu jihat faqat LG V30S ThinQ modelida mavjud. Misol uchun, uning yordamida sekinlashtirilgan video yozish, surat olish va kameraga boshqa vazifalar buyurish mumkin.

E’lon qilinishicha, bunday "sun’iy aql" algoritmlarini ishlab chiqarish uchun dasturchilarga bir yil vaqt kerak bo‘lgan. Kelajakda ular kompaniyaning boshqa devayslariga ham tatbiq qilinadi.

Smartfon 6 dyuymli, OLED matritsali va QuadHD (2880 x 1440 pikselli) displey bilan ta’minlangan. FullVision ekranning tomonlar nisbati 18: 9 standartida.

Qualcomm Snapdragon 835 protsessori smartfonning tezkor va samarali ishlashi uchun xizmat qiladi. 

Bosh kamera qo‘sh modulga ega bo‘lgan: 16 Mp va 13 Mp. Ularga eng yaxshi -- f/1.6 va f/1.9 hajmidagi yorug‘lik linzalari o‘rnatilgan. Aytish kerakki, bu smartfon kamerasida f/1.6 hajmli diafragma o‘rnatilgan ilk flagman. Bu linza kameraga ko‘proq yorug‘lik o‘tkazish imkonini beradi.

LG V30S ThinQ akkumulyatori 3300 mA soat tok sig‘imini jam qiladi. Batareyani simsiz quvvatlash mumkin. Smartfonda Bluetooth 5 standarti joriy qilingan. IP68 himoya guvohnomasini olgan korpus Corning Gorilla Glass 5 shishasi bilan qoplangan.

Devaysning  1000 AQSh dollaridan sotuvga chiqarilishi kutilmoqda.

 

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!