MacBook Pro: Innovatsion noutbuk yanada mukammallashadi

MacBook Pro: Innovatsion noutbuk yanada mukammallashadi

Apple so‘nggi 4 yil ichida va nihoyat, MacBook Pro noutbuklarini takomillashtirishga qaror qilgan ko‘rinadi. Apple vakillari shu orqali uning savdosini yanada oshirishga umid bog‘lashmoqda.

MacBook Pro’ning yangi talqiniga oid innovatsion jihatlardan biri sifatida uning ilg‘or “o‘chirib/yoqish” tugmasida o‘rnatilgan barmoq izlarini o‘qiydigan Touch ID texnologiyasining bo‘lishi aytilmoqda. Bu haqida taniqli 9to5Mac insayderi ishonchli manbaaga asoslanib, xabar tarqatgan.

Ma’lumki, Apple kompaniyasi so‘nggi iPad hamda iPhone qurilmalarida ham mazkur texnologiyani tatbiq etib kelmoqda.
Bu texnologiya turli maxfiy so‘zlardan voz kechib, mazkur tugmachaga barmoqni bosish orqali uning tizimiga kirish, qolaversa Apple Pay orqali pul to‘lovlarini amalga oshirish imkoniyatini yaratadi.

MacBook Pro’ning yangi modellari yanada yengil va yupqa korpusli bo‘ladi. Shuningdek, unda OLED texnologiyasiga ega sensor paneldan foydalaniladi. Mazkur yupqa va uzun panel liniyasi klaviaturaning ustki qismidan o‘rin egallab, uning yordamida ovoz va ekran yorug‘ligini boshqarish mumkin.

Yangicha tachpad foydalanuvchining barmoq zarbasining darajasiga ko‘ra faoliyat ko‘rsatadi. Shu bilan birga, korpusda universal USB Type-C turidagi portdan foydalaniladi.

Yangi noutbuklarda dizayner va o‘yin ishqibozlari uchun ayni muddao bo‘lgan kuchli grafik protsessorlaridan foydalaniladi. Jumladan, MacBook Pro’da hali yangi texnologiya bo‘lmish AMD Polaris GPU videokartasi tatbiq qilinadi. Ushbu videokarta samarali bo‘lish barobarida, oldingilariga qaraganda 20% ga yupqaroq.

Garchi, MacBook Pro yanada yupqa va ixcham bo‘lsa-da, bu borada “Olma” korporatsiyasiga tegishli MacBook Air va 12 dyuymli MacBook’dan o‘zib keta olmaydi.

macbook-pro

Alyuminiy korpusga ega noutbuklar kulrang, tillarang va kumush rangli talqinlarda ishlab chiqariladi.

Apple asoschisi Stiv Jobs 2010 yilda ilk iPad planshetini namoyish qilganida uni personal kompyuterlarning “kushandasi” deb aytgan bo‘lsa ham, MacBook Pro kabi noutbuklar gadjetlar bozorida hali ham ommabop. Xususan, so‘nggi moliyaviy yilda MacBook, uning “Pro” talqinida savdo hajmi 6% ga, $25,5 mlrd.ga oshgan bo‘lsa, iPad planshetlari savdosi 23% ga, $23,2 mlrd.ga tushib ketgan.

Xalqaro bozorda 13 dyuymli IPS Retina displey, 2 yadroli 2.9 GGs Intel Core i5 protsessor, Intel Iris Graphics 6100 videokartaga ega MacBook Pro $1,649.99 dollardan sotilmoqda.

Hozircha MacBook Pro’ning taqdim qilinish fursati ma’lum emas.  Apple’ning 7 sentyabrda o‘tadigan taqdimotida esa e’tibor yangi ayfonlarga qartilishi aytilmoqda.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!