Maishiy texnika uzoq vaqt xizmat qilsin desangiz…

Maishiy texnika uzoq vaqt xizmat qilsin desangiz…

Texnikangiz uzoq vaqt davomida xizmat qilishini istasangiz, undan foydalanish qoidalariga rioya qilish kifoya. Birinchi navbatda, uskunalarga ilova qilingan yo‘riqnomalarni diqqat bilan to‘lig‘icha o‘qib chiqing. Ularda har bitta buyumni parvarish qilish va undan foydalanish bo‘yicha barcha ma’lumotlar keltirilgan. Statistikaga ko‘ra, yo‘riqnomada yozilgani kabi uskunadan foydalanish qoidalariga rioya qilinganida, texnikaning buzilib qolishi bilan bog‘liq holatlarning 95 foizi yuz bermagan bo‘lardi.

Qurilmalarni o‘rnatish ham ko‘pincha xatolikka yo‘l qo‘yiladigan holatlardan biridir. Agar gap yirik va murakkab maishiy texnika haqida borayotgan bo‘lsa, uni professional ustalarni chaqirib, o‘rnattirgan ma’qul. Texnika tekis yuzaga o‘rnatilganiga ahamiyat bering: hatto juda kichik og‘ish burchagi bo‘lsa ham, uskuna buzilishi mumkin.

Kir yuvish mashinasiga juda ko‘p yuk ortib yubormasangiz, u sizga uzoqroq vaqt xizmat qiladi. Kiyimlarni yuvishdan oldin, ularning cho‘ntaklarini tekshirib, barcha mayda-chuyda narsalarni olib qo‘ying. Shuningdek, kir yuvishda maxsus kukun va konditsionerdan boshqa hech narsa ishlatmang.

Sovitgichni to‘g‘ri parvarish qilish u hali uyingizga yetib kelmagan vaqtdan boshlanadi. Uni vertikal tarzda tashish kerak, maksimal og‘ish burchagi — 40 daraja. Aks holda kompressordan yog‘ oqib ketishi va uskuna ishi uchun javob beruvchi butun tizimni ishdan chiqarishi mumkin. Sovitgichga issiq mahsulotlarni qo‘ymang, albatta sovishini kuting.

Hech qachon bo‘sh mikroto‘lqinli pechni yoqib ishlatmang — elektromagnit to‘lqinlarini ishlab chiqaruvchi qurilma uchun bu halokatlidir. Unga o‘ta og‘ir narsalarni qo‘ymang (ruxsat berilgan maksimal og‘irlik yo‘riqnomada ko‘rsatiladi). Juda yengil mahsulotlarni esa, yaxshisi, yana birorta boshqa ozuqa bilan birga isiting, shunda to‘lqinlarning bir qismini u o‘ziga oladi.

Manba: Daryo.uz

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!