Malayziyada smartfondan tok urishi oqibatida ilk o‘lim kuzatildi

Malayziyada smartfondan tok urishi oqibatida ilk o‘lim kuzatildi

 

Malayziyaning Kosmo yangiliklar saytining yozishicha, Kuala Lumpur shahri yaqinida yashovchi Suhana Muhammad ismli 30 yoshli ayol 15 aprel kuni kechki 11.30 da rozetkaga ulangan, quvvat olayotgan smartfonda so‘zlashib turganida uni elektr toki urgan va ayol hodisa joyida vafot etgan.

Marhumning eri, politsiya xodimi Raja Asrining ma’lum qilishicha, u kutilmagan shovqindan uyg‘onib ketgan va turmush o‘rtog‘ini zudlik bilan shifoxonaga keltirgan.

Ko‘pchilik uni yarim oqshom telefonda suhbatlashishda ayblashi mumkin. Gap shundaki, o‘sha kuni Suhana tavallud kunini nishonlayotgan va do‘stlaridan tabriklarni qabul qilayotgan bo‘lgan.

Bu Malayziyada smarftonni quvvatlash natijasida elektr toki urishi bilan bog‘liq sodir bo‘lgan ilk o‘lim holati bo‘lib, fojiadan butun mamlakat sarosimaga tushgan. Hozircha smartfon turi va quvvatlash moslamasi to‘g‘risida biror aniqlik ma’lum qilinmagan.

Smartfon quvvat toshi, ya’ni akkumulyatorlarning vaqt o‘tishi bilan eskirish va portlash holatlari, ular sabab yuzaga kelgan yong‘inlar ham ko‘p kuzatiladi. Ammo uning odam hayotiga daxl qilishi kamdan-kam bo‘lsa ham kuzatiladi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda bu kabi hodisalar soni ko‘paymoqda.

2013 yilning iyul oyida Xitoyda rozetkadan quvvat olayotgan iPhone 5 smartfonida muloqot qilayotgan Ma Aylun ismli ayol ham tok urishi oqibatida halok bo‘lganligi qayd etilgan. Sinxua axborot agentligining ma’lum qilishicha, mazkur hodisaga sabab bo‘lgan ayfon ham, quvvatlantirish moslamasi ham asl (original) bo‘lgan.

Bu voqeadan bir necha oy o‘tib, shu yilning noyabr oyida esa taylandlik yana bir ayfon foydalanuvchisi quvvat olayotgan iPhone 4S smartfonini quchog‘ida olib yotganida tok urishidan vafot etadi.

2015 yilning fevralida esa iPhone smartfonidan tok urishi bilan bog‘liq o‘lim holati Rossiyada qayd etilgan. Bu fojia quvvat olayotgan smartfonning vannaga tushib ketishi oqibatida sodir bo‘lgan.

Mutaxassislar smartfon quvvat olayotganida undan foydalanmaslik, bunday holatda uni alohida joyda quvvatlantirish, bolalarni qo‘li yetmaydigan joyda saqlash, mobil qurilma quvvat olayotganida undan so‘zlashmaslik kerakligini qayta-qayta ta’kidlab kelishadi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!