"Malika"dagi arzon Redmi 5A'ning "kushandasi" sotuvga chiqdi!

Ayni paytda Xiaomi Redmi 5A modeli yurtimizda eng arzon narxlarda sotilayotgan yaxshi smartfon modellaridan biri hisoblanadi. Uning narx-navosi ko‘pchilikka ma’qul. Ushbu apparat plastik korpus hamda boshlang‘ich darajadagi texnik jihatlarga ega.

2018 yilning 5 iyunida xalqaro smartfon bozorlarida mazkur devaysning jiddiy raqibi deya e’tirof etilgan Huawei Honor 7A modeli sotuvga chiqarildi.

Ekran tomonlari 18:9 o‘lchamli, 2 GB tezkor xotirali hamda Android 8.1 Oreo operatsion tizimida ishlaydigan smartfon narxiga nisbatan ilg‘or jihatlarga ega bo‘lgan va ko‘rinishi bilan diqqatni tortadi.

Mobil aloqa vositasining 5,45 dyuymli ekrani 1440x720 ta pikselni sig‘dira oladi. Ekran tomonlari nisbati 18:9 o‘lchamli ekani evaziga, shuningdek nisbatan yupqa romlar hisobiga smartfonning ko‘rinishi ham ixcham. Honor 7 modeliga boshlang‘ich imkoniyatlarga ega bo‘lgan MT6739 (MediaTek) protsessori o‘rnatilgan. 4 yadroli bu chipsetning chastota tezligi 1,5 GGs.ga yetadi.

Yangi gadjet 2 gigabaytli tezkor xotiraga ega bo‘lgan. Foydalanuvchi ma’lumotlari hamda dasturlar uchun 16 gigabaytli xotira o‘rnatilgan. microSD bo‘lmachasiga qo‘shimcha xotira kartasini qo‘yib, doimiy xotirani kengaytirish mumkin.

Honor 7 bosh kamerasi 13 Mp (f/2.0), old kamera 5 megapikselli. Har ikkala kamera fotochaqnoq bilan ta’minlangan.

Honor 7 smartfoni kuch-quvvatini elektr toki sig‘imi 3020 mA soat bo‘lgan akkumulyatordan oladi. Smartfonda microUSB hamda audio qulqochin uchun 3,5 mm.li portlar mavjud.

Smartfonga Wi-Fi 802.11n, Bluetooth 4.2 LE, A-GPS, GLONASS, FM-radio, 4G LTE modullari, shuningdek microUSB hamda 3,5 mm hajmli portlar o‘rnatilgan. Huawei Honor 7A modelining o‘ziga xosligi unda 2 ta sim-karta uchun bo‘lmachalar hamda qo‘shimcha xotira kartasi uchun alohida microSD bo‘lmachasi mavjud. Uning raqibi bu jihatga ega emas.

Huawei Honor 7A bugungi kunda 120 AQSh dollaridan sotilmoqda. Uning 3 gigabaytli tezkor va 32 gigabaytli doimiy xotiraga ega talqini ham tez orada sotuvga chiqariladi.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytda yurtimizda Redmi 5A (2/16 GB gold) 795 400 so‘mdan boshlab, 1 049 600 so‘mgacha sotilmoqda.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.