"Malika"dan savol: "iPhone X'ning Galaxy S9'dan qanday ustunliklari bor?"

Ayni paytda smartfon bozorining ikkita kuchli devaysi bor: koreyalik Galaxy S9 hamda amerikalik iPhone X. Keling, ularni o‘ziga xos jihatlari bilan tanishib chiqamiz. Avval iPhone X flagmanining ustun jihatlari bilan tanishsak.

  1. A11 Bionic hozircha eng kuchli mobil protsessor

Har bir yangi avlod flagmanining yanada kuchli protsessorga ega bo‘lishi an’anaviy voqeaga aylandi. Samsung Galaxy S9 talqinlaridan biri 8 yadroli Snapdragon 845 chipiga ega bo‘ldi. Snapdragon 835 chipining o‘rniga kelgan bu chip Qualcomm hozircha ishlab chiqargan va Android devayslarga mo‘ljallangan eng kuchli protsessor. Biroq Apple chipseti testlarda ustunligini namoyish qilmoqda.

Misol uchun, Geekbench 4 benchmarkining ko‘p yadroda ishlash imtihonlarida  Snapdragon 845 chipiga ega Galaxy S9+ flagmani 8 295 ball to‘plagan. Android-smartfonlar orasida bu eng zo‘r natija. Biroq,  A11 Bionic chipiga ega iPhone X 10 357 ball to‘plagan.

Smartfondan foydalanganda bunday chip murakkab vazifalarni osonlik bilan bajaradi. Misol uchun, video tasvirni qayta ishlaganda. Deylik 2 daqiqalik va 4K sig‘imli rolikni Adobe Premiere Clip ilovasida 1080p sig‘imga aylantirish vazifasi qo‘yildi. Galaxy S9+ bu ishni 2 minut 32 sekundda bajarsa, iPhone X flagmaniga buning uchun bor-yo‘g‘i 42 sekund vaqt kerak.

  1. Animoji texnologiyasi selfimojini dog‘da qoldiradi

Apple ishlab chiqqan animoji funksiyasi sizning qiyofangizga taqlid qiladi va uning virtual shaklini yaratadi. Ekspert va foydalanuvchilarning fikricha, bu texnologiya Samsung Galaxy S9'da tatbiq qilingan selfimojidan ancha yaxshi.

Boisi selfimoji ko‘proq virtual avatar yaratishga o‘xshaydi. Ya’ni, smartfon ishlagan surat foydalanuvchi ko‘rinishiga o‘xshamaydi. Misol uchun, Samsung texnologiyasi yuz mimikasini ifodalab bera olmaydi.  Shuningdek, foydali sozlamalar ham chegaralangan.

  1. Face ID hozircha kuchli texnologiya

iPhone X ega bo‘lgan qiyofani tanish texnologiyasi hozircha eng ishonchli va kelajagi bor. Yaqinda taqdim qilingan Mi8 smartfonini hisobga olmaganda, hali boshqa biror mobil telefon bunday jihatga ega bo‘lmagan. TrueDepth nomli datchiklarga asoslangan Face ID yuzdagi 30 000 dan ziyod ko‘zga ko‘rinmas belgilarni skaner qiladi va uning xaritasini ishlab chiqadi. Apple bunday texnologiyadan to‘lovlarni amalga oshirishda ham foydalanish, unga ishonish mumkinligiga ishonadi. Galaxy S9 ishlab chiqaruvchisi esa o‘zining smartfoniga bunchalik ishonch bildirmaydi.

Samsung flagmanlari ham foydalanuvchining qiyofasini taniydi. Biroq, buning uchun faqatgina dasturiy algoritmga asoslangan selfi-kamera ishlaydi. Natijada bunday funksiya kamera qarshisida ko‘zoynak yoki soqolda paydo bo‘lib qolsangiz, sizni tanimaydi. Shuning uchun ham ishlab chiqaruvchi gadjetga ko‘zning rangdor pardasini tekshiruvdan o‘tkazish texnologiyasini joriy qilgan. Biroq bu ham Face ID'ning o‘rnini bosa olmaydi.

 

  1. Bixby hali Siri bo‘la olmaydi

Apple joriy qilgan ovozli yordamchi kamchiliklardan to‘liq xoli emas. Buni undan foydalanib ko‘rgan har bir inson biladi. Biroq ayrim hollarda Siri bexato ishlaydi va foydalanuvchining ko‘nglidan joy oladi: budilnikni sozlash, matnni tanish hamda terish, eslatmalarni tayyorlash. Bularning barchasini iPhone X flagmanida ovoz yordamida, ya’ni qo‘lni ishlatmay turib bajarish mumkin.

Samsung flagmanlaridagi Bixby yordamchisi esa takomillashbib orayotgan bo‘lsa ham, hali-beri u Siri'ga yeta olmaydi. Hattoki uning til borasidagi imkoniyatlari ham chegaralangan. Ehtimol kun kelib u ham Apple va Microsoft ishlab chiqqan ovozli yordamchilar qatoridan o‘rin egallar. Biroq bungacha hali bor.

  1. iPhone X selfi-kamerasi juda kuchli

Yuqorida qayd etganimdek, iPhone X ega bo‘lgan TrueDepth datchiklari nafaqat yuzni tanib, tizimni ochishga xizmat qiladi, shu bilan birga ular selfi-mo‘’jizani ham taqdim qiladi. Ya’ni, orqa foni g‘ira-shira qilingan avtoportretlar olishda old kamera studiyaning effektini va’da qiladi. Buning uchun dasturiy ta’minot algoritmlari ham ishlab chiqarilgan. Ular yorug‘likni to‘g‘ri berish va qiyofani jozibador qilib muhrlash, umumiy muhitga to‘g‘ri baho berishda bexato ishlashadi.

Galaxy S9 esa Galaxy S8 ega bo‘lgan odatiy kamera bilan ta’minlangan. U ham orqa foni g‘ira-shira qilingan surat olishga urinib ko‘radi. Biroq sifat borasida raqibidan ancha past. Kuchli va takomillashgan selfi-modullarni esa koreyalik gigantning keyingi smartfonlaridan kutish mumkin.

  1. iOS tezkor yangilanish bo‘yicha mutloq g‘olib

Galaxy S9 foydalanuvchilari uni qadoqdan olganlarida smartfon Android Oreo operatsion tizimida ishlaydi. Biroq, ayrim mamlakatlardagi foydalanuvchilar hattoki o‘tgan yilgi flagmanlarning dasturiy ta’minotini hali ham yangilash imkoniga ega bo‘lmaganlar. Samsung apdeytlarni taqdim etishga u qadar ham shoshmaydi. Galaxy S9 masalasida ham vaziyat o‘zgarishsiz qolishi aniq.

iPhone foydalanuvchilari esa bunday tashvishni chekmasalar ham bo‘ladi. Ular qisqa vaqt ichida qayerda bo‘lsalar ham barcha yangilanisharni olib turadilar. Odatda iOS tizimining eng so‘nggi talqini taqdim etilganidan so‘ng bir necha kun o‘tib hamma uchun ochiq bo‘ladi. So‘nggi statistik holat bu fikrimni isbotlaydi. Yangilanishdan keyingi kutilmagan nosozliklarni ham Apple tezda bartaraf qiladi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!