Mashhur kartinalardan kinolavha ishlaydigan dastur yaratildi

Mashhur kartinalardan kinolavha ishlaydigan dastur yaratildi

Neyron tarmoq (sun’iy idrok tizimi) Van Gog, Salvador Dali, Pablo Pikasso kabi ulug‘ rassomlarning kartinalarini jonlantirishni o‘rgandi.

Frayburg universiteti (Germaniya) mutaxassisi Aleksey Dosovitskiy ushbu dastur mualliflaridan biridir. Neyron tarmoqning birinchi qatlami rassom kartinasini tahlil qilish uchun qo‘llanadi, u polotnodan bo‘yoq, rang qatlami, uslub haqida ma’lumot oladi, deydi Dosovitskiy.

Ikkinchi qatlam film kadrlarini tahlil qiladi. U ob’yektlarni “taniydi” va bo‘lajak kartinalarning eskiziga aylantiradi.

Avval mutaxassislar bunday texnologiyani alohida rasmga ishlov berish uchun qo‘llashgan. Video bilan ishlanganda neyron tarmoq qo‘shni kadrlarni tamoman farqli qilib ko‘rsatganligi uchun tekis video ishlash imkoni bo‘lmagan.

Olimlar algoritmni qaytadan ishlab chiqishgach, neyron tarmoq kadrdagi ob’yektlarni “taniydigan” bo‘ldi. Shuningdek, avval ekranda namoyon bo‘lgan buyumlarni eslab qoladi va kelgusi kadrlarga ishlov berishda xuddi o‘zidek qo‘llaydi.

Natijada chiroyli videolavha yuzaga keladi. Dastavval, GeForce Titan seriyali videokarta o‘rnatilgan kompyuter bir kadrga ishlov berishi uchun 10 daqiqa zarur bo‘lgan bo‘lsa, hozir 3 daqiqa kifoya.

Keng omma ishlatadigan kompyuterda bu taxlit videolavha yaratish juda ko‘p vaqt talab qilishini olimlar aytib o‘tdi. Biroq “bulutli” hisoblash tizimini qo‘llab kartinalarni “tiriltirish” mumkin. Videoni tomosha qiling.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.