Mashhur o‘yinbop smartfon xalqaro bozorga sotuvga chiqmoqda

Mashhur o‘yinbop smartfon xalqaro bozorga sotuvga chiqmoqda

Red Magic 8 Pro modeli o‘tgan yilning oxirida Xitoy bozori uchun taqdim etilgan edi. Mana endi bir necha haftadan so‘ng sakkizinchi seriya xalqaro bozorga ham sotuvga chiqadi. 

Red Magic 8 Pro modelining orqa paneli matoviy qoplama bilan qoplangan. Shuning uchun uni kompaniya matoviy versiya deb atadi. Xuddi Xitoy versiya kabi global matoviy versiya ham 12/256GB xotiraga ega. 

Ikkinchi model esa “Void“ deb nomlandi. U Xitoy uchun ishlab chiqilgan Pro+ versiya kabi 16/512GB xotira bilan jihozlangan. Xitoy va global versiyalarda tafovutlar mavjud. Misol uchun, global versiya 65 vattda quvvat oluvchi 6,000 mAs sig‘imli akkumulyatorga ega bo‘lsa, Xitoy versiya (Red Magic 8 Pro) ham 6,000 mAs sig‘imli akkumulyatorga ega. Ammo Xitoy versiya 80 vattda quvvat oladi. 

Agar Xitoy versiyalar to‘liq quvvatlanish uchun 35 daqiqa vaqt sarflasa, global versiya 43 daqiqa vaqt sarflaydi. Xitoy uchun ishlab chiqilgan Pro+ model 5,000 mAs sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan. Uni 165 vatt tezlikda quvvatlash mumkin. Bu imkoniyat global versiyalarda bo‘lmaydi. 

Smartfon 2 fevral sanasida sotuvga chiqadi. Red Magic'ning rasmiy veb-sayti orqali qurilmaga oldindan buyurtma berish mumkin. Narxlar bilan quyidagi suratda tanishishingiz mumkin. 

Red Magic 8 Pro modelining boshqa texnik ko‘rsatkichlari haqida ma’lumot berdigan bo‘lsak, qurilma 120 gerts yangilanish hamda 960 gerts sensorli namuna olish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydigan 6.8 dyuymli AMOLED displeyi bilan jihozlangan. 16MP selfi kamera ekran ostiga joylashtirilgan. Yon tomonda 520 gerts chastotada ishlovchi triggerlar joylashgan.

Smartfon LPDDR5X hamda UFS 4.0 xotiralari bilan integrallashgan Snapdragon 8 Gen 2 chipida ishlaydi. ICE 11 tizimi chipni sovutishga hizmat qiladi. Shuningdek, gadjetda daqiqasiga 20,000 marta aylanadigan parrak ham bor. U past shovqinda smartfon ichida havo oqimining yurishini tezlatadi. 

Red Magic 8 Pro stereo dinamik, ikkita X-axis dvigateli, 3.5 mm audio jek, 50MP asosiy hamda 8MP ultrakeng kameralarga ega. Ikki modelni qanday qilib bir-biridan ajratib olish mumkin? Farq shundaki, Void modelning orqa paneli shaffof shisha bilan qoplangan. Qurilma galaktika rangida bo‘lib, sovutish tizimidagi RGB chiroqlari bilan ushbu rang o‘zgacha uyg‘unlikni hosil qiladi. Matoviy versiyada ham RGB LED chiroqlari mavjud, biroq uning orqa paneli shaffof shisha bo‘lmagani uchun undagi sovutish parragi ko‘rinmaydi. 

O‘QING: One UI 5.1 yangilanishini qabul qiladigan smartfonlar ro‘yxati ma’lum bo‘ldi 

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!