Master Android – mobil ilovalar yasashni o‘rgatuvchi ilova!

  •   DiMaX
  •  9669
  •  14.09.2017 13:43

Master Android – mobil ilovalar yasashni o‘rgatuvchi ilova!

Dasturchilikni o‘rganishning o‘zgacha usuli

Bugungi kunda dasturlashni o‘rganish uchun yurtimizda turli o‘quv kurslari ochilgan, bundan tashqari, shu maqsadga yo‘naltirilgan onlayn servislar ham mavjud. Bugun esa sizni dasturlashga o‘rgatuvchi Master Android ilovasi bilan tanishtirmoqchimiz.

Ushbu dastur Android operatsion tizimi uchun ilovalar yaratishni o‘rganish istagida bo‘lgan har bir tolibi ilmga mo‘ljallangan. Uning har bir darsida mavzu bo‘ycha nazariy qism va mavzuga doir amaliy namunalar keltiriladi. Bundan tashqari, foydalanuvchilar uchun o‘zlari o‘rganayotgan darsda keltirilgan ba’zi murakkab dastur kodlarini o‘z telefoniga saqlab olish imkoni mavjud.

Master Android ilovasi «Darslar», «Yuklab olish» hamda «Manbalar» bo‘limlarini o‘z ichiga oladi. U offlayn tarzda ishlaydi, ya’ni ilovadan foydalanish uchun internetga ulangan bo‘lishingiz shart emas.

Dasturning afzalliklari

Dasturlashni Master Android ilovasi orqali o‘rganishning bir qator qulayliklari mavjud. Ulardan asosiylari quyidagilardir:

— Har bir darsdagi nazariy ma’lumotlarning to‘liq yoritib berilganligi;

— Darslarni o‘rganish jarayonida amaliy dasturlarni tuzishga namunalar keltirilishi;

— Amaliy dasturlarni tuzish jarayonining qadamma-qadam ko‘rsatib berilishi;

— Darsda berilgan ma’lumotlarni hajmiga ko‘ra bir nechta qismlarga ajratilgan holda o‘rgatilishi;

— Foydalanuvchilarda har bir komponentaning qo‘llanilish usullari haqida amaliy ko‘nikma hosil qilishi;

— Murakkab dastur kodlarini qurilma hotirasiga yuklab olish imkoniyati;

— Android ishlab chiquvchilar uchun zaruriy manbalar bilan tanishtirib borishi;

— Ilovadan qanday foydalanish haqida tushunarli yo‘riqnoma berilganligi.

Dasturning bo‘limlari

Master Android dasturi quyidagi bo‘limlarni o‘z ichiga oladi:

«Darslar» – bu bo‘lim 35 ta darsdan iborat bo‘lib, ularning har biri nazariy qism, dars mavzusi doirasida to‘liq yoritilgan dastur kodlari va amaliy namunalardan iborat. Amaliy namunalar orqali foydalanuvchi dars davomida o‘rgatiladigan mavzuning qo‘llanilish o‘rinlarini bilib oladi. Namuna sifatida berilgan dastur kodlari foydalanuvchilarda dastur yozish ko‘nikmalarini shakllantirish uchun mo‘ljallangan.

«Yuklab olish» – mazkur bo‘limda foydalanuvchiga murakkablik tug‘dirishi mumkin bo‘lgan 47 ta dastur kodini mobil qurilma xotirasiga yuklab olish imkoni mavjud. Bu esa foydalanuvchi darsda keltirilgan dastur kodidan nusxa olish orqali Android studio muhitida ishlatib ko‘rish imkonini beradi.

«Manbalar» – ushbu bo‘limda har bir Android dasturchisi uchun zarur bo‘ladigan 20 dan ortiq internet manbalari keltirilgan. Bu bo‘lim ishlab chiquvchilar uchun savol-javob forumlari, dasturlash sohasi bo‘ycha ishga takliflar, Android qurilmalar va ilovalar haqida muntazam ma’lumot berib boruvchi saytlar haqidagi kerakli axborotlarni o‘z ichiga olgan.

Dastur nomi: Master Android

Talab etiladigan tizim versiyasi: Android 4 yoki undan yuqori

Hajmi: 12.9 MB

Ishlab chiquvchi: Milestone Systems

Elektron pochta: [email protected]


Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!