MDC Prime Lite – «Malika»dagi noodatiy «ekonom klass»

  •   DiMaX
  •  4179
  •  05.09.2018 17:10

MDC Prime Lite – «Malika»dagi noodatiy «ekonom klass»

Smartfonlar bozori kundan-kunga xilma-xillashib bormoqda. Bundan bor-yo‘g‘i bir necha yil ilgari O‘zbekistonda faqat barmoq bilan sanarli smartfon markalari sotilgan bo‘lsa, hozirda ularning soni ancha ko‘payib qolgan.

Tabiiyki, narx va sifat borasidagi takliflar ham turlicha. Misol uchun, bozorga endi kirib kelayotgan yangi brendlar narxiga juda mos, zamonaviy texnik parametrlar bilan jihozlangan smartfonlarni ham taqdim etishmoqda. Xullas, biz bugun yurtimiz bozoriga shu yilning boshlarida kirib kelgan MDC brendining Prime Lite modeli to‘g‘risida so‘z yuritmoqchimiz. Mazkur Xitoy brendi o‘z segmentidagi boshqa nomlardan farqli ravishda, o‘z qurilmalariga 1 yillik rasmiy kafolat xizmatini ko‘rsatadi.

MDC Prime Lite smartfoni Samsung ISOCELL texnologiyasida yaratilgan kameralar, 5.2 dyuymli HD IPS ekran, barmoq izi skaneri va noodatiy korpusga ega. Uning batafsil texnik xususiyatlari bilan quyida tanishamiz:

Texnik xususiyatlari

O‘lcham va vazni

138x73.2x8.6 mm, 160 g.

Korpus materiali

Metall, shishavand plastik

Displey

5.2 dyuym, 1280x720 piksel, 282 ppi, IPS, 2.5D 24 bit, Multitouch

Tarmoq

GSM B2/3/5/8 (GSM/GPRS/EDGE Class 12)

WCDMA 850/1900 yoki 900/2100

FDD_LTE B1/B3/B7/B8/B20

Protsessor

Mediatek, MT6737, 4 yadroli, 1.3 GGs, ARM-Mali-T720 MP1 grafik tezlatgichi

Xotira

2 Gb + 16 Gb; 64 Gb microSD

Kamera

13 Mp + 0.3 Mp asosiy (Samsung ISOCELL), 8 Mp old kamera (Samsung ISOCELL)

Aloqa interfeyslari

Bluetooth 4.0 va WIFI 802.11 a/b/g/n

Datchiklar

Barmoq izi skaneri, yorug‘lik sensori, akselerometr, yaqinlashuv sensori

Batareya

2750 mA/soat

Navigatsiya

GPS, AGPS

Narxi

750 ming so‘m

Kafolat xizmati

1 yil rasmiy kafolat

JAMLANMA

MDC Prime Lite modelining jamlanmasida smartfonning o‘zidan tashqari, eng kerakli aksessuarlar, uning himoyasi va parvarishi uchun zarur jihozlar ham mavjud. Ya’ni, uning qutisidan telefon, quvvatlash qurilmasi, kabel, quloqchin, silikon g‘ilof, ekran himoya shishasi, skrepka, ekranni artishga mo‘ljallangan mato, foydalanish yo‘riqnomasi va kafolat taloni o‘rin olgan.

DIZAYN VA KORPUS

Qurilma dizaynida birinchi bo‘lib ko‘zga tashlanadigan narsa old kameraning yuqorida emas, balki pastda joylashganidir. Umuman olganda, bunday konseptni Mi Mix seriyasidagi smartfonlarida ham uchratish mumkin. Shuning evaziga ekranning yuqorisi hamda ikki yon chekkalari romsizday ko‘rinadi.

Displeyning tepasida yorug‘likni aniqlash va yaqinlashuv datchiklari, shuningdek, dinamik o‘rin olgan, xolos. Old panelning quyi qismida esa old kamera hamda bir vaqtda barmoq izi skaneri vazifasini bajaruvchi asosiy tugma o‘rnatilgan.

MDC Prime Lite korpusining ramkasi to‘liq metalldan ishlangan. Uning orqa panelida asosiy kameraning tikka joylashgan ikkita moduliga ko‘zimiz tushadi. Ulardan chap tomondagi LED-chaqnoq esa kam yoritilgan sharoitlarda ham ajoyib suratlar olishga imkon beradi.

Korpusning yuqori qirrasida an’anaviy 3.5 millimetrlik quloqchin tirqishi o‘rin olgan.

Pastki qirrasida bo‘lsa odatiy USB 2.0 porti hamda dinamiklar joylashgan.

Korpus o‘ng qirrasida esa smartfonni o‘chirib-yoqish hamda ovoz balandligini sozlash tugmachalari o‘rnatilgan.

Qurilmaning o‘lchamlari (138x73.2x8.6 mm) ekrani 4.7 dyuymlik iPhone 7 (138.3x67.1 x7.1 mm) bilan deyarli bir xil, ammo ekrani unikidan yarim dyuymga (1.3 sm) katta.

DISPLEY

Smartfonga IPS texnologiyasidagi 5.2 dyuymli ekran o‘rnatilgan (ekranning old panel maydoniga nisbati 75%). Bir dyuymdagi piksellar sig‘imi 282 taga teng. Tasvir aniqligi esa HD formatida, ya’ni 1280x720 pikselni tashkil etadi. Bunaqa ekran burchak ostida ham yuqori sifatli suratlarni ranglari buzilmagan tarzda yetkazib bera oladi.

Multitach bir vaqtda 5 taga tegishni aniqlay oladi.

Displey ostida havoli qatlam ko‘zda tutilmagan, oleofob qoplam ham yo‘q, ammo bu narxdagi smartfon uchun (750 ming so‘m atrofida) bu jiddiy kamchilik hisoblanmaydi.

Displey yorqinligi tashqi muhit yorug‘ligiga qarab avtomatik o‘zgaradi. Sozlamalarida Live Display va MiraVision dasturlari joy olgan bo‘lib, ular displeyni yanada aniqroq sozlashga imkoniyat beradi. Ushbu menyu orqali ekran yorqinligi, ranglar to‘yinishi, kontrastni individual tarzda o‘zingizga moslashingiz yoki mavjud rejimlardan birini tanlashingiz mumkin.

Displeyda ranglar aniq aks etadi, kuygan piksellar yo‘q. Umuman, narxi 100 dollargacha bo‘lgan telefon uchun bu yomon natija emas.

KAMERA

Shubhasiz, MDC Prime Lite smartfonidagi eng qiziq jihat uning kamerasi hisoblanadi. Bunday deyishimizga asos bor, albatta. Ishlab chiqaruvchi bu borada pulni ayamay, ushbu telefonning ikkala tarafiga ham Samsung ISOCELL turkumiga kiradigan kamera sensorlarini o‘rnatgan.

Qo‘shaloq asosiy kameraning aniqligi 13 + 0.3 Mp (S5K3M2XX13-FGX9 + GC0310) bo‘lib, bunda ikkinchi kamera telefon orqali boke effektini hosil qilish (orqa fonni chaplash) uchun xizmat qiladi. Samsung ISOCELL texnologiyaci piksellarning o‘zaro chaplanib ketishini 30 foizga kamaytiradi va boshqa CMOS BSI sensorlarga qaraganda rang to‘yinishini 30 foizga oshiradi, shu tufayli u orqali olingan rasmlarning sifati boshqalarga qaraganda yaxshiroq chiqadi. Yana bu modulga yangi RWB (Red-White-Blue) rang filtri ham qo‘llanilgan, bu esa kam yoritilgan sharoitda suratga olganda signal/shovqin nisbatini 3 dBga kuchaytiradi. Kamera aperturasi f/2.2 ga teng bo‘lib, bu ko‘rsatkich modulga ko‘proq yorug‘lik o‘tishini ta’minlaydi va natijada rasmlarning o‘tkirligini kuchaytiradi. Namoyish burchagi 90 gradus.

Asosiy kamerada tasvirdagi dinamik diapazonni yaxshilashga yordam beradigan HDR rejimi ko‘zda tutilgan. Ob’yektlar ortidagi yoki atrofidagi fonni chaplashga Blur rejimi, yanada chiroyli portretlarni suratga olishga esa Beauty rejimi yordam beradi. Shuningdek, tungi s’yomka uchun Night, katta hajmli fotolar uchun Panorama va professional foydalanuvchilar uchun Pro rejimlari ham bor!

Albatta, arzon smartfonlar segmentiga kiradigan bu smartfondan flagmanlar kamerasi xos sifatdagi kadrlarni kutish to‘g‘ri emas. Biroq, rasmlar sifati, ulardagi ranglar mutanosibligi qoniqarli, har holda Prime Lite bu borada o‘z qatoridagi qurilmalardan ortda qolmaydi.

Mana, ushbu smartfon kamerasi orqali olingan ayrim suratlar namunalaridan bahra olishingiz mumkin (saytda yuklanishi qiyin bo‘lmasligi hamda o‘quvchilarimizning trafiklarini tejash maqsadida rasmlar biroz ixchamlashtirilgan):

Endi foydalanuvchi uchun korpusning kutilmagan yerida joylashgan old kamera haqida gaplashsak. MDC Prime Lite smartfonida old kamera korpusning pastki qismida, ekranning chap ostiga joylangan. Ekranni imkoni boricha romsiz shaklga keltirish va cheksizlik effektini hosil qilish uchun aynan mana shunday yo‘l tutilgan. Old kamera ham Samsung tomonidan ishlab chiqarilgan sensor qo‘yilgan (S5K4H5YC), aniqligi 8 megapikselli. Insof bilan aytish kerak, bunday hamyonbop narxdagi smartfon uchun bu – ancha yaxshi ko‘rsatkich. Unda ham bir qator suratga olish rejimlaridan foydalanish mumkin. Video yozish sifati 640x480 pikselni tashkil etadi.

PROTsESSOR VA XOTIRA

MDC Prime Lite modeliga to‘rt yadroli, maksimal takt chastotasi 1,25 GGs.ga teng Mediatek MT6737 (Cortex-A53) protsessori o‘rnatilgan. Texno-bloglarda yozilishicha, bu chip quvvatni kamroq iste’mol qilishi bilan avvalgi protsessorlardan ajralib turadi.

Grafik tasvir va videolarni qayta ishlashga Mali T720 MP2 chipi javob beradi. Uning yordamida o‘rta darajadagi o‘yinlarni o‘ynash, yaxshi sifatdagi videolarni ko‘rish mumkin.

Qurilmaning tezkor xotirasi 2 Gb, ichki xotira sig‘imi 16 Gb.ni tashkil qiladi. 2/16 Gb ko‘rsatkich bu telefon narxiga mos, undan ortiq xotira sig‘imi zarur bo‘lsa, 64 Gbgacha bo‘lgan microSD-karta o‘rnatish imkoniyati mavjud.

OPERATsION TIZIM VA KOMMUNIKATsIYa INTERFEYSLARI

Ushbu smartfon Android 7.0 versiyasidagi operatsion tizimda ishlaydi. Asosiy menyu uchun ishlab chiqaruvchi tomonidan alohida foydalanuvchi interfeysi yaratilgan, biroq qolgan menyularda mazkur versiyaning o‘zgarmagan shakli qoldirilgan. Aytish kerak, Android tizimining Google tarafidan tayyorlangan va vendorlar tomonidan o‘zgartirilmagan versiyasi ancha chaqqonroq, uncha-munchaga qotavermaydi. Balki shu sabab aksar arzon smartfonlar ishlab chiqaruvchilari alohida foydalanuvchi interfeysini yaratishga shoshilmaydilar.

MDC Prime Lite simsiz aloqa interfeyslaridan Bluetooth 4.0 va WIFI 802.11 a/b/g/n standartlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Byudjet smartfonlar turkumiga kirganligi uchun ushbu modelda NFC moduli ko‘zda tutilmagan. Ma’lumotlarni barmoq izi skaneri bilan himoyalash mumkin.

Qurilma 4G tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydi (FDD_LTE B1/B3/B7/B8/B20). U O‘zbekistondagi barcha mobil operatorlarning 4-avlod standartida ishlashi kerak. Shuningdek, 3G tarmog‘idan tezroq bo‘lgan HSPA+ standartida ham ishlaydi.

GPS modulning ishlashi ham yomon emas. MDC Prime Lite qurilmasida Mediatek chiplaridagi HotKnot texnologiyasini ham uchratish mumkin. Bu texnologiya smartfonlarning ekranini bir-biriga tekkizib, fayllarni tezlik bilan almashishga xizmat qiladi. Quyidagi videoda HotKnot funksiyasining qanday ishlashini ko‘rishingiz mumkin.

AKKUMULYaTOR

Batareya ko‘rsatkichlarini tekshirish chog‘ida qiziq holat kuzatildi. Ishlab chiqaruvchi smartfon qutisida smartfondagi akkumulyator sig‘imini 2750 mA/s deb ko‘rsatgan, biroq qurilmaning xususiyatlarini aks ettiradigan aksariyat maxsus ilovalarda bu birlik 3080 mA/soatga teng. Qurilmaning o‘lchamlari va ekran kattaligini hisobga olib aytsak, ishlab chiqaruvchi tomonidan o‘rnatilgan bu batareya unchalik ham kuchsiz emasligiga guvoh bo‘lamiz.

Xullas, bu sig‘imdagi batareya bilan qurilma faol qo‘llash holatida (internet yoqiq, davomiy qo‘ng‘iroqlar) 10-12 soat ishlashi mumkin. Bularga o‘yin, yorqin ekran va doimiy videoni qo‘shsak, ishlash diapazoni 6-7 soatgacha qisqarishi mumkin. O‘rtacha ishlatish va o‘rtacha ekran yorqinligida smartfon quvvati bir kundan ko‘proqqa yetadi.

Batareya sozlamalarida energiyani tejash rejimi ham bor.

NARX VA XULOSA

MDC Prime Lite O‘zbekiston bozorlarida va internet-do‘konlarida o‘rtacha 750 ming so‘mga taklif etilmoqda. Bu narx diapazonida xuddi shunday ko‘rsatkichlar bilan jihozlangan smartfon topish oson emas. Shuning uchun hamyonbop smartfonlar segmentida u yaxshi taklif hisoblanadi. Bundan tashqari, modelga ishlab chiqaruvchi tarafidan 1 yil rasmiy kafolat xizmati ham ko‘rsatiladi. O‘zbekiston bo‘ylab kompaniyaning 8 ta servis markazi faoliyat yuritmoqda.

Bu smartfon, shubhasiz, byudjet modellar orasida optimal yechim. Unda kommunikatsiya uchun kerakli asosiy funksiyalar: 4G, barmoq izi skaneri, sifatli qo‘sh kamera, yaxshi selfi-kamera, noodatiy va qulay dizayn, ramkalari metalldan ishlangan korpus va nisbatan tiniq ekran mavjud.

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

Terashop.uz UZS 709 000.00 Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.