Meizu 150 dollarlik M6S'ni taqdim qildi

Meizu 150 dollarlik M6S'ni taqdim qildi

Joriy yilning 17 yanvarida Xitoyning yetakchi smartfon ishlab chiqaruvchilaridan biri bo‘lgan Meizu kompaniyasi tomonidan Meizu M6S modeli taqdim qilindi. Bu smartfon kompaniyaning displey tomonlari 18:9 standartli bo‘lgan ilk smartfoni. Shu bilan birga, smartfon barmoq izi skaneri korpusning o‘ng biqinidan joy olgani bilan ham o‘ziga xos.

Metall korpusli Meizu M6S hamyonbop smartfon modellari sirasiga kiradi. So‘nggi vaqtlarda Meizu bu turkumga alohida diqqat qilmoqda.

Smartfon jihatlari ham shunga yarasha: 5,7 dyuymli, 1440x720 (yorug‘lik darajasi 450 nitgacha, kontrast 1000:1) pikselli ekran, Samsung Exynos 7872 (6 yadro, 14 nm texnik jarayon) protsessori, 3 GB tezkor hamda 32 yoki 64 GB doimiy xotira.

Meizu M6S'ning batareya sig‘imi 3000 mA soat va uni yarim soatda 52% ga to‘ldirish mumkin. Bosh kamera 16 Mp (f/2.0), old kamera 8 Mp (f/2.0) aniqligidagi suratlar oladi.

Qiziqarli jihati sifatida barmoq skanerining korpusning yon tomonidan o‘rin olganini aytish mumkin. Natijada, mBack tugmasi yo‘qolib, old panel romdan xoli bo‘lgan va kengaygan. Shu bilan birga, smartfonni tezkor boshqarish uchun Super mBack funksiyasi joriy qilingan. Buning uchun ekrandagi virtual doirani bosish kifoya. Barmoq izi skaneri korpusning shundoqqina bosh barmoq o‘rin egallaydigan joyiga to‘g‘ri keladi.

Smartfon Xitoyda 19 yanvardan sotuvga chiqarildi. Uning 32 GB xotirali talqini uchun $155, 64 GB talqini uchun $186 dollar so‘ralmoqda. Shu bilan birga, smartfon uchun maxsus g‘iloflarni $7,5 dollardan xarid qilish mumkin.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!