Meizu metall korpusli M3 Note smartfonini taqdim etdi

Meizu metall korpusli M3 Note smartfonini taqdim etdi

Meizu rejalashtirilgan taqdimotida o‘rta narx diapazonidagi 5,5 dyuymli M3 Note fabletini namoyish qildi. Smartfonning aksariyat xususiyatlari va tashqi ko‘rinishi taqdimotdan avvalroq ma’lum bo‘lib ulgurgan edi. Shu bois taqdimotda biror kutilmagan yangilik deyarli yangragani yo‘q. Kutilganidek, smartfon kumush, oltin va kulranglardagi metall korpusga ega bo‘ldi, 2.5D old oynasi va yon mexanik tugmalar blokining qirralari Meizu PRO 5 flagmanidagi kabi qayrilgan.

Smartfon piksellari sig‘imi 1920x1080 bo‘lgan 5,5 dyuymli IPS-displey bilan ta’minlangan. Sakkiz yadroli (1.8 GGs) MediaTek Helio P10 MT6755M (8xARM Cortex-A53) protsessori va Mali-T860 grafik tezlatkichi smartfon ish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

2 va 3 Gb tezkor hamda 128 Gb gacha MicroSD kartasi bilan ko‘payish imkoniga ega 16 va 32 Gb doimiy xotirali ikki talqinda taqdim etiladi. Odatdagidek, ikkita SIM yoki SIM+MicroSD slot bilan ta’minlangan.

Asosiy kamera 13 Mp bo‘lib, ikkita yorug‘lik diodli chaqnoq va fazaviy avtofokus (0,2 soniyada fokuslanadi)ga ega. Old kamera esa 5 Mp. Simsiz Wi-Fi 802.11 a/b/g/n/ac, Bluetooth 4.0, GPS hamda LTE tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydi. Ekran ostida barmoq izi skanerli mTouch 2.1 tugmasi o‘rnatilgan. Smartfon akkumulyatori — 4100 mAsoat. O‘lchamlar: 153.6x75.5x8.2 mm, vazni: 163 g. Smartfon Android 5.1 Lollipop operatsion tizimi asosida ishlaydi, biroq interfes sifatida Flyme OS 5.1 dasturiy qoplamasi o‘rnatilgan.

Smartfon savdosi Xitoyda 11 apreldan boshlanadi. 16 Gb modelining narxi 125 dollar atrofida bo‘lsa, 32 Gb talqini esa 155 dollar.

Manba: AndroidHeadlines

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!