Meizu MX6 – “musiqiylik”ka chog‘langan smartfon| Tavsif

Meizu MX6 – “musiqiylik”ka chog‘langan smartfon| Tavsif

Texnik jihatlari:

Korpus materiali: metall, shisha, plastik uloqlari

Operatsion tizim: Android 6.0, Flyme 5.2 talqini

Aloqa tarmoqlari: GSM/EDGE, UMTS/HSDPA, LTE (TD/FDD-LTE 1/3/7), 2 ta SIM-karta (nanoSIM)

Ekran: IPS LCD (Sharp), diagonali 5.5” dyuym, sig‘imi Full HD, ekran osti yorug‘ligini avtomatik sozlash funksiyasi mavjud, 2.5D himoya shishasi bilan qoplangan.

Bosh protsessor: MediaTek Helio X20

Protsessorlar: 10 yadroli Cortex-A53

Videokarta: Mali T880 (4 yadroli)

Operativ xotira: 3 yoki 4 GB

Doimiy ichki xotira: 32 GB

Qo‘shimcha xotira kartasi: yo‘q.

Bosh kamera: 12 Mp, 6 linzali, f/2.0 optik priborli, fazali avtofokus funksiyasiga ega, piksel ajmi 1.25 mkm, 2 xil tusli svetodiodli fotochaqnoq, 4k sig‘imli video tasvirga oladi.

Old kamera: 5 Mp, f/2.0, 1080p sig‘imli video suratga oladi.

Interfeys: Wi-Fi (a/b/g/n/ac) Dual-Band, Bluetooth 4.0 (LE), quvvatlash va ma’lumot almashish uchun USB Type C (USB 2.0, MHL) porti / 3.5 mm audio konnektor.

Navigatsiya: GPS (A-GPS), Glonass.

Qo‘shimcha: mTouch 2.1 barmoq izlari skaneri, akselerometr, yorug‘lik hamda oraliq-masofa sensorlari.

Batareya: 3060 mA soat.

O‘lchamlari: 153.6 x 75.2 x 7.25 mm

Vazni: 155 gramm

Komplektdagi jihozlar:

Smartfon

2 A turidagi tarmoq adapteri

USB-kabel (Type-C)

SIM-bo‘lmachasining to‘g‘nog‘ichi

Meizu MX6 to‘g‘risida

Meizu MX6 smartfoni taqdimoti 2016 yilning 3-choragida bo‘lib o‘tgan va kompaniya uni Pekinda taqdim qilgan.

Meizu’ning MX smartfonlar turkumi odatda kelajak va ayni paytdagi mobil texnologiyalardagi funksiyalar, texnik jihatlarni jam qilingan “tajriba” smartfonlari sifatida e’tirof etiladi. Kompaniya “bayroqdor” smartfonlarini Pro turkumida ishlab chiqarsa ham, MX turkumini zamonaviy jihatlar bilan boyitishga odatlangan.

MX6’ning ham muhim jihati sifatida unda Sony’ning 12 megapikselli kamerasida IMX386 sensoridan foydalanilganini aytish kerak. Meizu’ning ma’lum qilishicha, bu sensor MX6 uchun maxsus ishlab chiqarilgan. Aytish mumkinki, bu kamera Meizu smartfonlari kameralari orasida eng yaxshisi. Ikkinchi muhim jihat – ekran matritsasi. Xitoylik ishlab chiqaruvchining bu gadjetdagi ekrani barchani mamnun qiladi.

Narx masalasida esa, Meizu MX6 smartfon bozoridagi o‘rta narxli gadjetlar sirasiga kiradi.

 

Dizayn, o‘lcham va boshqaruv elementlari

Meizu kompaniyasining so‘nggi smartfonlari bir-biriga o‘xshab ketadi. Ehtimol, ularni bir qarashda ishlab chiqaruvchining o‘zigina ajratib olsa kerak. MX6 apparati  ham ko‘rinishidan Pro 6’ni eslatadi, faqat o‘lchami va ichki funksiyalari, jumladan lazerli fokusirovkalash tizimi bilan farqlanadi. Uning o‘lchamlari – 153.6 x 75.2 x 7.25 mm, ixcham va yupcha gadjet 155 gramm tosh bosadi. 5.5 dyuymli qurilma korpusi to‘liq metalldan tayyorlangan.

Ekran chekkalari 2.5D shaklidagi himoya shishasi bilan o‘rab olingan. Foydalanish asnosida bu ish beradi va ekranni tirnalishlardan samarali himoya qiladi. Oleofob, ya’ni ekranni barmoq izlari va tashqi dog‘lardan himoya qiluvchi plenka qoplamasi ham mavjud. Barmoq ekran bo‘ylab oson va yengil harakatlanadi.

Korpusning to‘liq metalldan ishlangani smartfonga jozibador va pishiq-puxta dizayn bag‘ishlagan. Korpus burchaklari yassi,  hoshiyalar silliq nishablikka ega va ular orqa panelga mohirlik bilan ulangan. Smartfon korpusi yupqa va silliq bo‘lgani tufayli qo‘lda qulay joylashadi.

Smartfon bozorga 4 rangli talqinda: kumush, tilla, pushti va oq rangli korpuslarda sotilmoqda. Old panellar esa oq hamda tim qora-kulrang panellarda ishlab chiqarilmoqda.

Old panelda kamera va yorug‘lik, masofa-oraliq datchiklari  simmetrik ravishda joylashtirilgan, o‘rtada esa suhbat dinamigi mavjud. Unda ovoz baland va “toza” eshitiladi, suhbatdoshning ovozi aniq-tiniq eshitiladi.

Displey ostida esa barmoq izlarini tekshiruvdan o‘tkazuvchi mexanik-sensor tugmasi mavjud. Uni mTouch 2.1 tugmasi ham deyishadi. Cho‘zinchoq shakldagi bosh tugma korpusdan bir oz chiqib turibdi va hoshiyalariga pardoz berilgan. Uning ishlashi va aniqligi bo‘yicha ommaviy e’tirozlar yo‘q.

Korpus quyisida – dinamik, USB formatidagi Type-C (USB 2.0) universal porti, mikrofon va 3.5 mm audio quloqchin uchun tuynuk mavjud. Yuqori tom qismida esa 2-mikrofonning kichik tuynukchasi ko‘zga tashlanadi.

Korpus o‘ng tomonida yoqish tugmasi va ovozni boshqarish uchun klavisha bor. Har ikkala tugma metalldan tayyorlangan va boshqarishga qulay. Sim-karta uchun bo‘lmacha korpusning chap qismidan o‘rin olgan (2 ta nano-SIM karta).

Kamera korpusdan taxminan 1 millimetrcha bo‘rtib turibdi va sayqallangan metall hoshiya bilan ta’minlangan. Uning quyisida 2 tusli fotochaqnoq bor.

Umuman olganda, MX6 apparatining dizayni bugungi aksariyat smartfonlarni eslatadi va yig‘ilish sifati borasida biror e’tiroz yo‘q.

Displey

Meizu MX6 smartfonida , diagonali 5.5 dyuym bo‘lgan ekrandan foydalanilgan. Displeyning o‘lchami – 68x121 mm, yuqori ramka – 15.5 mm, quyi ramka – 16.5, o‘ng va chap tomon romlari esa – 4 mm.dan kamroq. Ekran shu’lani qaytaruvchi qoplamaga ega.

Meizu MX6 displeyi sig‘imi – FullHD, ya’ni 1080×1920 belgiga teng, har dyuymda 400 ta piksel joylashadi. Uning matritsasi havosiz qatlamli IPS (Sharp TDDI) texnologiyasi bo‘yicha ishlab chiqarilgan.

Ekrandagi oq tusning maksimal yorug‘ligi – 450 kd/m2 (rasman – 500 deyilgan), qora rang tusi esa – 0,59 kd/m2. Kontrastnost darajasi – 760:1.

Sodda tilda izohlaydigan bo‘lsak, ekrandagi ranglar keskinligi o‘rta darajali. Uning rang-tasvir uzatishi yorqin, ranglar to‘yingan, tasvir ekran markazida ham, chekkalarida ham bir xil tarzda aniq-tiniq aks etadi. Siyoh yoki sariq tus rangi sezilmaydi. Ekran matritsasi tasvirni sifatli aks ettiradi.

 

Akkumulyator

Ushbu modelda 3060 mA soat elektr toki sig‘imiga ega ajralmas akkumulyatordan foydalanilgan.

Bu “quvvat toshi” bilan Meizu MX6 16-18 soat ishlaydi. Bu vaqt davomida har kuni 20-30 daqiqa suhbat qurish, 7 soat  3G/4G tarmog‘ida internetdan foydalanish, 6 soat Wi-Fi tarmog‘idan foydalanish, bir necha o‘nta surat olish, shuningdek bir soat musiqa tinglash mumkin.

Kun davomida faol foydalanganda akkumulyator 24 soatga dosh beradi. To‘liq quvvat  7 soat to‘xtovsiz suhbat qurishga yetadi.

HD sig‘imli film tomosha qilganda batareyka 9 soat “turib beradi”. Grafik-tasvirga boy o‘yinlarni esa 3.5 soat davomida o‘ynash mumkin. Shuningdek, maksimal baland tovushda 50 soatgacha musiqa tinglash mumkin.

MX6’da mCharge tezkor quvvatlash texnologiyasi joriy qilingan bo‘lib,  3060 mA soat sig‘imli akkumulyatorni 75 minutda to‘ldirish mumkin.

Kommunikatsiya imkoniyatlari

Apparat 2 ta nanoSIM-karta bo‘lmachalariga ega. Har ikkala bo‘lmacha ham 3G/4G (LTE CAT 6) tarmoqlarida ishlaydigan sim-kartalarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Tarmoq turlari:

2G GSM/GPRS/EDGE (900/1800/1900 MGs)

3G WCDMA/HSPA+ (900/2100 MGs)

4G FDD-LTE (1800/2100/2600 MGs)

3G TD-SCDMA

4G TD-LTE

Boshqa aloqa standartlari: Wi-Fi (ac i b/g/n/ac) dual-band Wi-Fi (2.4 GGs/5 GGs) – ishlash darajasi Samsung Galaxy S6/S7’niki bilan barobar, GPS, Bluetooth 4.1, quvvatlash va ma’lumot almashish uchun USB Type-C porti (USB 2.0).

Xotira

Smartfonda 4 yoki 3 GB sig‘imli 2 kanalli LPDDR3 turidagi operativ xotiradan foydalanilgan. Doimiy ichki xotira sig‘imi esa 32 gigabayt. Ko‘pchilikning fikricha esa, bugungi kun foydalanuvchisi uchun kamida 64 GB doimiy xotira sig‘imli smarftonlar zarur. Ustiga-ustak smartfon qo‘shimcha xotira kartasini qo‘llab-quvvatlamaydi. Xotiraning ma’lumotni o‘qish tezligi – sekundiga 158 MB. Ma’lumotni yozish tezligi esa – sekundiga 57 MB.

Kameralar

Meizu kompaniyasi rahbari Bay Yunsyanga ko‘ra, MX6’da o‘rnatilgan Sony IMX386 kamera moduli ushbu smartfon uchun maxsus ishlab chiqarilgan. 12 megapikselli sensor (piksellar hajmi 1,25 mkm)da 6 turdagi optik linzalar o‘rnatilgan. Uning diafragma hajmi – f=2.0 bo‘lib, kamerada fazali avtofokus funksiyasi mavjud. Biroq, optik barqarorlashtirish funksiyasining yo‘qligi titroq qo‘lda yaxshi surat olishga to‘siq bo‘lishi mumkin. Shunday yaxshi kameraga bu funksiyaning qo‘yilmagani achinarli. Lekin imkon qadar kamerani titratmasdan surat olsa, bu jihatni ham istisno qilish mumkin Shuningdek, kamera fokuslashda mahoratli ekan.

Old kamera moduli uchun OmniVision OV5695 (piksel hajmi 1,4 mkm) turidagi sensor tanlangan. Uning optik linzalari soni  4 ta, diafragmasi — f=2.0.

Kunduz kuni, yorug‘lik yetarli sharoitda yuqori sifatli suratlar olish mumkin. oq tus balansi me’yorida, detallarning aks etishi yaxshi, dinamik diapazon keng, ranglar yorqin. Qisqa qilib aytganda, yorug‘lik yaxshi bo‘lsa, sifatli tasvir olish mumkin. Ammo, yorug‘lik kam sharoitda tasvir sifati kamayib boradi.

Gadjetda sekundiga 30 ta kadr muhrlangan 4K sig‘imli video tasvir olish mumkin. Sifatidan o‘rtadan bir oz yuqori. Old kamera soniyasiga 30 kadrli FullHD video yozadi. Tasvir sifati juda yaxshi.

Operatsion tizimning so‘nggi talqinida kamera ilovasi surat va tasvirdagi xiraliklarni kamaytiruvchi funksiyaga ega bo‘ldi.

Quyidagi suratlar misolida kameraga o‘zingiz baho bering.

Faoliyat samaradorligi va dasturiy platforma

Meizu MX6 smartfoni kompaniyaning MediaTek – Helio X20 protsessori boshqaruvida ishlaydi. Bu 10 yadroli chip bo‘lib, undagi 4 yadroli Cortex-A53’ning chastota tezligi 1.4 GGs, yana 4 ta Cortex-A53 yadrosining ishlash tezligi 1.8 GGs, va qolgan 2 yadro uchun 2.3 GGs chastota tezligida ishlaydigan Cortex-A72 tanlangan. Protsessorning texnik jarayoni 20 nanometr (bu jarayon qancha past bo‘lsa, tezkorlik shuncha qyuori bo‘ladi. Misol uchun, 2017 yilning 29 martida taqdim qilingan Galagy S8 smartfoni 10 nanometrli texnik jarayonda ishlaydi). Grafik-tasvirni qayta ishlash uchun ARM Mali-T880 videokartasi o‘rnatilgan.

Protsessor qizg‘in ish jarayonida ham metall korpusda haddan ziyod qizish kuzatilmaydi. Apparat faoliyatida “qotib” ishlash bo‘yicha ommaviy noroziliklar kuzatilmagan. Barcha ilovalar bir tekis ishlaydi. Ayniqsa, “og‘ir”, ya’ni grafikaga boy  o‘yinlarni ham qiynalmasdan o‘ynash mumkin.

Smartfon Google Android 6.0’ning Meizu tomonidan o‘zlashtirilgan Flyme 5.2.2.0G talqinida sotuvga chiqadi. Uni yangilab olish ham mumkin. Pro 6’dan farqli ravishda, unda 3D Press funksiyasi mavjud emas. Ekran sozlamalaridagi yangi  —  «Ko‘zni himoya qilish rejimi»ni yoqsa, ekran nisbatan yumshoq tusga kiradi. Unda «Izlash» ilovasi, ob-havo hamda boshqa kerakli ma’lumotlarni ko‘rish ilovalari mavjud. Tizimda Google xizmatlari mavjud bo‘lmasa ham, ularni oson o‘rnatish mumkin.

Multimedia

Devaysdagi musiqiy pleyer Meizu’ga xos standartliklarga ega, ya’ni bunda ham ekvalayzer mavjud. Ovoz sifati va balandligi o‘rtacha.

Dinamikning ovoz taratishi yuqori va sifatli. Bu borada Meizu’ning tajribasi e’tirofga munosib. Bu modelda radio mavjud emas.

Xulosa

Sharp texnologiyasiga ega maxsus yuqori sig‘imli ekran, ergonomik, ya’ni shakldor dizaynli pishiq-puxta yig‘ilgan metall korpus, yangicha modulli kamera, baqaror ishlaydigan protsessor platformasi, sifatli ovoz uzatuvchi dinamik ayni sizbop bo‘lishi mumkin. Meizu MX6’dagi 32 GB doimiy xotira sizga kamlik qilmasa, smartfondan quyosh ostida faol foydalanmasangiz, sizga uni xarid qilishni tavsiya qilamiz.

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

asaxiy.uz 2,655,000 сўм Sotib olish
olx.uz 275 АҚШ доллари Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!