Metall gibrid – Irbis NB116 taqdim etildi

  •   DiMaX
  •  1263
  •  12.07.2017 18:14

Metall gibrid – Irbis NB116 taqdim etildi

Rossiyadagi kompyuter texnikasi ishlab chiqaruvchi Irbis kompaniyasi Irbis NB116 noutbukining chiqarilishini ma’lum qildi.

360° form-faktoridagi ushbu gibrid noutbukning ishlash samaradorligini 4 gigabaytlik hajmga ega tezkor xotira hamda to‘rt yadroli Intel Atom protsessori ta’minlab beradi. Mazkur modelga 1920x1080 pikselli sig‘imga ega, diagonali 11,6 dyuym bo‘lgan ekran o‘rnatilgan.

 Irbis NB116’ning ekran qismi klaviatura paneliga nisbatan 360 darajada aylana oladi. Shu bois undan noutbuk, planshet, monitor yoki televizor sifatida foydalanish mumkin.

IRBIS’ning noutbuklar va planshetlar yo‘nalishi rahbari Andrey Nikiforov mazkur mahsulot xususida shunday deydi:

 «Bizning xaridorimiz – hujjatlar bilan ishlash, elektron kitoblar o‘qish, o‘yinlar o‘ynash, filmlar tomosha qilish va shu kabi turli ehtiyojlarini qoplash uchun bir nechta qurilma sotib olishni istamaydigan iste’molchilardir. Kishilar uchun noutbuk, planshet, elektron mutolaa qurilmasi yoki o‘yin konsoli singari gadjetlarning imkoniyatlarini o‘zida mujassam etgan – ko‘pfunksiyali bitta devaysga ega bo‘lish qulayroq. Shunisi ham borki, NB116 modelimiz bozorda taklif etilayotgan, shu kabi samaradorlikka ega bo‘lgan boshqa mahsulotlarga nisbatan sezilarli darajada arzon».

IRBIS NB116 gibrid qurilmasi qalinligi 16,7 millimetrlik metall korpusga ega. Uning vazni ham salmoqli – 1,2 kilogrammni tashkil etadi. 8000 mA/soat sig‘imga ega akkumulyatori noutbukning naq sakkiz soat uzluksiz ishlashini ta’minlay oladi. Devaysni USB 2.0 va USB 3.0 portlari, HDMI, microHDMI va quloqchinlar uchun 3,5 millimetrlik tirqish bilan ta’minlashgan. U Windows 10 operatsion tizimi boshqaruvi ostida ishlaydi.

Mazkur gadjetning narxi haqida hozircha ma’lumot berilmagan.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.