Mi 7 narxi, rasmiy surati va boshqa ma’lumotlari Xiaomi saytiga chiqib ketdi

  •   DiMaX
  •  6660
  •  05.05.2018 16:15

Mi 7 narxi, rasmiy surati va boshqa ma’lumotlari Xiaomi saytiga chiqib ketdi

Xaiomi yaqinda romsiz Mi Mix 2S, keyinroq Mi 6X smartfonlarini taqdim etgan edi. Joriy oyda ushbu kompaniyaning yana kamida uchta modeldagi mobil qurilmasi namoyishi kutilayotir – hamyonbop Redmi S2 telefoni,  Mi 7 flagmani hamda Mi Max 3 fableti.

O‘QING: Mi Max 3’ning taqdimot vaqti, narxi va xususiyatlarini aytishdi

Bular orasidan Xiaomi Mi 7 flagmanining 23 may kuni taqdim etilishi aytilgan. Ushbu gadjetning ayrim xususiyatlari va suratlari internetga «sizib chiqqan»idan xabaringiz bor. Bugun – 5 may sanasida esa bu smartfonning narxi ham ma’lum bo‘ldi.

Qizig‘i shundaki, hali rasman taqdim etilmagan Mi 7 narxlari bu gal ehtiyotsizlik sababli aynan ishlab chiqaruvchining saytiga chiqib ketgan. Kompaniya xodimlari buni payqab qolib, tezda ma’lumotni yashirishgan, ammo veb-sahifadan olingan skrinshotlar tarqalib ulgurgan.

«Sizib chiqqan» xabarga ko‘ra, 6/64 gigabaytlik tezkor va doimiy xotiraga ega bo‘lgan Mi 7 modeliga 2799 yuan miqdorida qiymat belgilangan, bu esa taxminan 440 AQSh dollariga teng keladi. Flagmanning nisbatan «bag‘ri keng» – xotirasi 6/128 gigabaytlik bo‘lgan modifikatsiyasi uchun esa 3299 yuan (520 dollar) to‘lashga to‘g‘ri keladi.

O‘QING: Xiaomi Mi 7 ekrani suratlari chiqdi: «o‘yiq»li ekran va to‘laqonli 3D Face yuz skaneri!

Narxlaridan tashqari yana shunisi ham aniqlanganki, Mi 7 flagmanining ekrani diagonaliga 6 dyuymlik o‘lchamda bo‘ladi. Tomonlarining o‘zaro nisbati 18:9 ga teng bo‘lgan ushbu OLED-displey tasvir aniqligi esa FHD+ formatidadir. Rasmiy saytga chiqib ketgan suratga ko‘ra, mazkur displeyning o‘ziga barmoq izi skaneri ham tatbiq etilmoqda (ehtimol, bu xususiyat faqat Mi 7 Plus modelida bo‘lar).

Shuningdek, Xiaomi navbatdagi flagmani uchun ilg‘or Snapdragon 845 chipsetini tanlagan. Uning batareyasi 3500 mA/soat sig‘imga ega bo‘lib, Qi texnologiyasi bo‘yicha simsiz quvvatlana oladi. Mi 7 asosiy kamerasi 16 megapikselli, f/1.7 diafragmali bo‘lishi ham aytilgan.

«Xitoycha Apple»ning shu paytgacha bozorga taqdim etilgan boshqa modellardagi ko‘plab smartfonlari esa yurtimizda ham rasman sotilmoqda.

O‘QING: O‘zbekiston bo‘ylab BEPUL yetkazib beriluvchi Xiaomi smartfonlari va boshqa gadjetlari narxlari (2018 yil 28 aprel)

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!