Mi 8 SE -- arzon flagmanning yurtimizda kutilayotgan narxi

Mi 8 SE -- arzon flagmanning yurtimizda kutilayotgan narxi

Mi 8 hamda Mi 8 Explorer Edition flagmanlari bilan birga taqdim qilingan Xiaomi Mi 8 SE modeli texnik jihatlariga ko‘ra Mi 8 modelining "ukasi" hisoblanadi, narxi ham shunga yarasha arzonroq.

Xiaomi Mi 8 SE 5.88 dyuymli, FHD+ sig‘imli hamda AMOLED matritsali ekran bilan ta’minlangan. Ekranning tomonlari nisbati 18:9 standartli. Devaysning platformasiga yap-yangi va 8 yadroli Snapdragon 710 protsessori o‘rnatilgan. Bu protsessor "sun’iy aql" texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Shu sababli ayrim jihatlariga ko‘ra avvalgi ilg‘or chiplarni ham dog‘da qoldiradi.

Grafik-tasvirlarni qayta ishlash uchun Adreno 616 video kartasi mas’ul bo‘lgan. Smartfon tezkor xotirasi 4 yoki 6 gigabaytli, doimiy xotira sig‘imi esa 64 gigabaytli. Doimiy xotirani qo‘shimcha xotari kartasi yordamida kengaytirish mumkin.

Xiaomi Mi 8 SE "quvvat toshi"ning elektr toki sig‘imi 3,120 mA soat hamda uni USB Type-C orqali tezkor yoki simsiz ham quvvatlash mumkin.

Kamera masalasida ham imkoniyatlar yomon emas. Bosh kamerada 12 + 5 megapikselli sensorlar mavjud. Kamera to‘rt o‘qli optik barqarorlashtirishni hamda qo‘sh pikselli fazali avtofokusni, 2 karralik yaqinlashtirib surat olish funksiyasini, portret rejimini qo‘llab-quvvatlaydi. Selfi ishqibozlari uchun yaxshi xabar: smartfon 20 megapikselli " sun’iy aql"ga ega old kameraga ega bo‘lgan.

Xiaomi Mi 8 SE smartfonida yuz orqali tizimni ochish, barmoq izi skaneri, WiFi, Bluetooth, 4G LTE standartlari va texnologiyalari tatbiq qilingan. Smartfon qadoqdayoq Android Oreo'ning o‘zlashtirilgan MIUI 10 tizimi boshqaruvida ishlaydi.

Xiaomi Mi 8 SE bahosi 280 AQSh dollaridan boshlanadi. Uning yuqori talqini (6 GB) 312 AQSh dollaridan sotiladi. Gadjetni Xitoyda 5 iyundan boshlab xarid qilish mumkin bo‘ladi.

Gadjetning yurtimizdagi narx-navosini hozirdan aytish mumkin. Misol uchun, Xiaomi kompaniyasi 10 may kuni Redmi S2 modelini taqdim qilgan edi. Bu gadjet 18:9 standartli o‘lchamgan ega ekrani, qo‘sh sensorli bosh kamerasi bilan o‘ziga xosdir. Uning quyi talqini (3-32 Gb) Xitoyda 156 AQSh dollaridan sotuvga chiqarilgan edi. Oradan qisqa fursat o‘tib, aniqrog‘i 23 may kuni bu smartfon Toshkentga yetib keldi. Uning quyi talqini 1 558 000 so‘mga baholangan. Ya’ni, Redmi S2 yurtimizda o‘rtacha 200 AQSh dollaridan sotila boshlangan.

Bu degani devays Xitoydan yetib kelguniga qadar 50 dollarga qimmatlashgan. Shuni hisobga oladigan bo‘lsak, Xiaomi Mi 8 SE modelini yaqin haftalar ichida yurtimizda 330-350 AQSh dollaridan xarid qilish mumkin bo‘ladi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!