Mi Max 3: "gigant kinofon" hayratga soladi

Mi Max 3:

Xitoyning kommunikatsiya vositalarini ro‘yxatga oluvchi TENAA agentligining rasmiy sahifasi Xiaomi tez orada taqdim etishni reja qilayotgan Mi Max 3 smartfoniga oid ma’lumotlarni e’lon qildi. "M1804E4A", "M1804E4T" hamda "M1804E4C" model raqamlari bilan ro‘yxatdan o‘tgan smartfonlarning akkumulyatori juda ham sig‘imdor bo‘ladi.

Mi Max 3 smartfoni 6.99 dyuymli va FHD+ (2160 x 1080 pikselli) sig‘imli ekran bilan ta’minlanadi. Ekran sirti himoya va bezak shishasi bo‘lgan 2.5D shaklidagi qo‘shimcha plenka bilan qoplangan. Ekran bilan bog‘liq ahamiyatli yangilik shuki, devaysning bugungi trend asosida romdan xoli dizaynda tayyorlanishi kutilmoqda.

Ma’lumki, Mi Max turkumi keng va yorqin ekrani, uzoqqa yetadigan akkumulyatori, shu bilan birga sifatli ovoz taratuvchi dinamiklari bilan bilan chinakam "uy kinoteatri" vazifasini bajaradi. Bu gal ham kompaniya ana shu yechimni saqlab qolgan.

Mi Max 3 modelida o‘rnatilishi belgilangan, elektr toki sig‘imi 5,400 mA soat bo‘lgan akkumulyatorni USB Type-C porti orqali, Quick Charge 3.0 texnologiyasi yordamida tezkor quvvatlash mumkin. Smartfon quvvat borasida tejamkor Android 8.1 Oreo'ning o‘zlashtirilgan MIUI 10 talqinida faoliyat ko‘rsatishini hisobga olsak, bu quvvat bir necha kunga yetadi.

Smartfon samaradorligi uchun chastota intervali 1.8 Ggs bo‘lgan 8 yadroli chipset tanlangan. Agar bu ko‘pchilik kutayotgan hamda bugungacha Xiaomi Mi 8 SE hamda Vivo NEX A smartfonlarida o‘rnatilgan Snapdragon 710 bo‘ladigan bo‘lsa, unda smartfon platformasi barchani xursand qiladi.

Devaysning 3GB/4GB/6GB tezkor hamda 32GB/64B/128GB doimiy xotira talqinlari ishlab chiqariladi.

Orqa panelda esa o‘zgarish katta emas: bosh kamera uchun surat aniqligi 12 megapikselli, piksel hajmi 1.4µm mikron bo‘lgan Sony IMX363 sensori tanlangan. Uning tunda yaxshi ishlashi uchun qo‘sh tusli LED fotochaqnoq mas’ul. Old paneldagi selfi kamera esa 8 megapiksel aniqligidagi suratlar oladi.

Imkoniyatlari borasida esa smartfondagi barmoq izi skaneri, WiFi, 4G w/ VoLTE, Bluetooth 5.0, GPS + GLONASS sensor va modullarini, qo‘sh SIM-karta uchun mo‘ljallangan bo‘lmachalarni aytish mumkin.

Mi Max 3 o‘lchamlari: 176.15 x 87.4 x 7.99 mm, vazni: 221 gramm.

Mi Max 3 qora, kul rang, tilla, pushti ranglarda sotuvga chiqariladi. taqdimot to‘g‘risida xabardor bo‘lish uchun bizni kuzatishda davom eting.

O‘qing: Nihoyat, hamyonbop "mobil kinoteatr" endi “Malika”da!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!