Microsoft foydalanuvchilarga birga smartfon yaratishni taklif etmoqda

Microsoft foydalanuvchilarga birga smartfon yaratishni taklif etmoqda

Amerikaning Microsoft kompaniyasi Windows Insider dasturi ishtirokchilariga “Birgalikda yaratamiz”(Create Together) nomli yangi loyihada qatnashishni taklif etdi. Unga ko‘ra, ishtirokchilar ishlab chiqariladigan yangi smartfon haqida o‘z fikr-mulohazalarini, aniq takliflarini bildirishi mumkin, deb xabar beradi Windows Central.

Windows Insider dasturi Microsoft va testchi mutaxassislar o‘rtasida muloqot yaratish va shu orqali nafaqat operatsion tizim, balki smartfon ishlab chiqarish bo‘yicha ham hamkorlik o‘rnatishga yo‘naltirilgan.

Microsoft taklifiga ko‘ra, ishtirokchilar smartfon rangi, dizayni va unda ko‘rishni istagan barcha jihatlarni aniq ko‘rsatishlari lozim. Dasturda ishtirok etuvchilar uchun mintaqaviy cheklovlar bor-yo‘qligi ma’lum emas. Biroq taklif xati Windows Insider`ning barcha qatnashchilariga yuborilgan, deydi Windows Central.

Microsoft`ning vitse-prezidenti Gebriyel Eul (Gabriel Aul) avvalroq Twitter foydalanuvchilari bilan muloqotda Windows Insider dasturini gadjetlarda kengaytirish qiziqarli bo‘lishini yozgandi. “Birgalikda yaratamiz”(Create Together) tashabbusi shu yo‘nalishdagi ilk loyiha bo‘ldi.

Microsoft kompaniyasi ilgari bunday loyihalarni yopiq va tor doirada amalga oshirgan bo‘lsa, endilikda foydalanuvchilar fikri hamda taklifiga ham alohida e’tibor qaratmoqda. Chunki real taklif va mulohazalar qurilmalarning ommaviyligi va ishonchliligini ta’minlaydi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!