Microsoft klaviaturaga smartfonga xos ilg‘or texnologiyani o‘rnatdi

Microsoft klaviaturaga smartfonga xos ilg‘or texnologiyani o‘rnatdi

Surface noutbuklarini taqdim qilgach, Microsoft kompaniyasi bu yo‘nalishda jahonning eng zo‘ri va o‘zining “ashaddiy” raqibi bo‘lgan Apple’ga munosib dizayn, dasturiy ta’minot va platformaga ega laptop bilan javob berishga qodirligini isbotlay oldi.

Modern Keyboard nomli zamonaviy klaviatura kompaniyaning navbatdagi ilg‘or gadjetidir. Silliq va ko‘rkam dizaynga ega klaviatura korpusi alyuminiydan tayyorlangan va juda pishiq. Qurilmani kompyuterga simli yoki simsiz ulash mumkin.

Modern Keyboard qurilmasidagi Bluetooth 4.0 interfeysi uni Windows 10, Android va macOS tizimidagi gadjetlar bilan 15 metrgacha bo‘lgan masofada bog‘laydi. Klaviaturani bir marta quvvatlab, 2 oygacha ishlatish mumkin.

Eng ahamiyatli jihati — unda biometrik autentifikatsiya tizimi joriy qilingan. Modern Keyboard devaysidagi Windows key — an’anaviy tugmada barmoq izlarini skanerdan o‘tkazuvchi sensor o‘rnatilgan. Windows kompyuterlarining tizimiga kirish uchun foydalanuvchi avval barmog‘ini tekshiruvdan o‘tkazishi kerak bo‘ladi. Shuningdek, bu skaner yordamida ba’zi internet resurslariga kirganda ham Windows Hello xavfsizlik tizimini joriy qilish mumkin.

Modern Keyboard Windows 8, Windows 8.1, Windows 10 (smartfonlarga mo‘ljallangan talqinda ham), Android va macOS operatsion tizimlariga ega qurilmalarda ishlaydi.

Modern Keyboard $129.99 dollardan sotuvga chiqariladi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!