Microsoft yig‘ma kameraga ega g‘ayrioddiy buklama fablet – Surface Phone’ni tayyorlamoqda

  •   DiMaX
  •  708
  •  12.12.2017 10:28

Microsoft yig‘ma kameraga ega g‘ayrioddiy buklama fablet – Surface Phone’ni tayyorlamoqda

Keyingi paytlarda smartfonlarning form-faktoriga o‘zgartirish kiritish tendensiyasi paydo bo‘lganini payqagansiz, albatta. Jumladan, shu yilning oxirgi choragidayoq buklama smartfonning ikki xil turi taqdim etildi. Ulardan biri ZTE Axon M smartfoni bo‘lib, ochilganida u planshetga aylanadi. Ikkinchisi esa «raskladushka» turidagi, ammo ikkita to‘laqonli ekranga ega Samsung W2018 smartfonidir.

Endi bo‘lsa Microsoft ham o‘zining Surface Phone nomli buklama fabletini tayyorlamoqda, deb yozadi PhoneArena nashri. Korporatsiya yaqinda olgan patent bu qurilmaning kamerasi funksiyalarini oshkor etadi, deyiladi xabarda.

Hali tayyorlanayotgani rasman ma’lum qilinmagan mazkur gadjet ham xuddi ZTE Axon M rusumiga o‘xshab, Surface Phone ham ochilganida planshet shaklini oluvchi smartfondir.

O‘QING: Microsoft Surface Phone rostdan mavjudmi?

Insayderlar oshkor etgan patentga ko‘ra, bu devays ochilganida kameraning ob’yektivi smartfonning bir tomonida, kamera sensori esa – ikkinchi tomonida qoladi. Planshet rejimidan smartfon rejimiga o‘tganida, ya’ni yopilganida esa kameraning ushbu ikkita qismi magnit yordamida birikadi. Surface Phone yopilganida kameraning qo‘shimcha moduli mexanik klapan bilan yopiladi.

Taxminlarga ko‘ra, g‘ayrioddiy bu qurilma Andromeda – smartfonlarga mo‘ljallangan Windows 10 operatsion tizimida ishlaydi. Mazkur tizim ARM arxitekturasini qo‘llab-quvvatlaydi va unda to‘laqonli desktop kompyuter ilovalari ham ishlay oladi.

O‘QING: Microsoft Surface Phone smartfoniga noutbuklarga mo‘ljallangan Intel protsessori o‘rnatiladi

Shuningdek, WalkingCat nikli dasturchi Windows Whiteboard’da noma’lum «Jurnal» ilovasiga eltuvchi havolani topgan. Bundan tashqari, «chap sahifa va o‘ng sahifa» atamalari ham eslanganki, bular yig‘ma Surface Phone ekranining chap va o‘ng tomonlarini anglatishi mumkin.

Hozircha Microsoft bunday qurilma tayyorlayotganini rasman tasdiqlamagan, ammo inkor ham etmagan. Omon bo‘lsak birga ko‘ramiz – bizdan uzoqlashmang!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!