Milliy universitet sayti jahonda 6,565 o‘rinni egalladi

Milliy universitet sayti jahonda 6,565 o‘rinni egalladi

Ispaniyaning Cybermetrics Lab tadqiqot markazi e’lon qilgan reytingdan dunyodagi 24 mingdan ziyod oliy ta’lim muassasalari, xususan O‘zbekistonning 66 ta universitet va institutlari, xalqaro darajadagi ta’lim markazlari, oliy maktablarning veb-saytlari ham o‘rin olgan va ular reytingli tizimda baholangan.

Unga ko‘ra, yurtimizdagi oliy ta’lim maskanlari orasida O‘zbekiston Milliy universiteti veb-sayti eng yaxshi, deb topilgan. Shuningdek, reytingda ikkinchi o‘rinni Samarqand davlat universiteti, uchinchi o‘rinni Samarqand qishloq xo‘jaligi institutining veb-sayti band qilgan. Toshkent axborot texnologiyalari universitetining veb-sayti esa reytingda 4 o‘rinda turibdi.

Bu yo‘nalishda eng so‘nggi o‘rinni Toshkent davlat Milliy raqs va xoreografiya oliy maktabining veb-sayti band qilgan. Ushbu maktab jahon reytingida 23,136 o‘rinni egallagan.

Yurtimizning eng yaxshi veb-sayti deb topilgan Milliy universitet veb-sahifasi jahon miqyosida esa 6565 o‘ringa munosib ko‘rilgan.

2004 yildan boshlab yanvar va iyul oylarida chop etiladigan reytingni shakllantirish jarayonida veb-saytlar asosan texnik jihatdan o‘rganiladi. Ya’ni ulardagi qidiruv imkoniyatlari, interfeys, dizayn va boshqa jihatlar o‘rganiladi.

Joriy yilda jahonning oliy ta’lim muassasalari veb-saytlari reytingida Harvard universitetining veb-sayti birinchi o‘rinni egallagan. Keyingi o‘rinlar Stenford universiteti, Massachusets texnologiya institutiga nasib qilgan.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!